Jismoniy shaxslarning ehtiyojidan ortgan elektr energiyani sotishiga doir yangi tartiblar belgilandi

    Tasdiqlangan nizomga ko'ra, jismoniy shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr uchun to'lov 10 ish kunida amalga oshiriladi.

    Hukumat qarori (247-son, 14.06.2023-y.) bilan Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, elektr oldi-sotdi shartnomasi asosida sotiladi, deb yozmoqda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ.

    Bunda:

    • jismoniy va yuridik shaxslar oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatgan quvvati 1 MVtgacha quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektrning oʻz ehtiyojidan ortiqchasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sotib olinadi;
    • elektr energiyasini ishlab chikaruvchi oʻzi foydalanishi uchun hosil qilingan elektr energiyasini boshqa jismoniy va yuridik shahslarga oʻz elektr tarmoqlari orqali sotishi mumkin;
    • elektr energiyasini ishlab chiqaruvchining oʻz elektr tarmoqlari mavjud boʻlmagan holatlarda “Xududiy elektr tarmoqlari” AJ tarmogʻidan tranzit xizmatlari uchun idoralararo tarif komissiyasi hujjatlarida belgilangan tarif asosida toʻlovlarni amalga oshirgan holda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib beriladi.

    Yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlar hisob-kitob oyidan keyingi oyning 25-sanasiga kadar:

    • “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (ijobiy tafovut) Davlat byudjetidan 1 000 sumdan subsidiya ajratiladi (“Soliq” mobil ilovasi orkali);
    • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz extiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan toʻlab beriladi.

    Elektr energiyasini sotib oluvchi ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori uchun elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish uskunasi (pribor)ning maʼlumotlariga koʻra tomonlar oʻrtasida imzolangan koʻrsatkichlarni solishtirish dalolatnomasi va hisob-fakturani olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida toʻlovlarni amalga oshiradi.