Jizzahdagi qonuniy qurilayotgan bino va inshootlar maʼlum qilindi

    Mamlakatimizda 24 Fevral 2021 2458

    Qurilish obyektlarining hajmi oshgani sari unga qoʻyilgan talablar ham yuqori boʻlishi soha egalariga yaxshi maʼlum. Qurilayotgan bino yoki inshoot aholi uchun nima maqsadda qurilishi jamiyatga va fuqarolarga manfaat keltirishi, shu bilan birga aholining hayoti hamda mol-mulkiga zarar yetmaydigan tabiiy hamda texnogen halokatlar uchun chidamlilik faktorlariga javob berishi kerak.

    Buning uchun qurilish montaj ishlarini boshlashdan oldin hududning geologik holati, seysmik, yongʻin xavfsizlik, sanitariya gigiyena va boshqa talablardan kelib chiqib, shaharsozlik hujjatlari tayyorlanadi va shundan soʻng qurilish ishlari boshlanishi uchun ruxsat beriladi. Ammo qurilish sohasida ham qonunni chetlab oʻtgan shaxslar yetarlicha topiladi.

    Amaldagi qonunchilikka koʻra qurilish nazorat inspeksiyasining koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarmaslik holatlari maʼmuriy javobgarlik kodeksining 99-moddasiga asosan javobgarlikni koʻzda tutadi. Misol tariqasida aytish mumkinki, joriy yilning yanvar oyida Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan pudrat tashkilotlar “Arslon Shamshod” XK, “Mahfuza-O” MCHJ, “Kolorit sintez” MCHJ hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqqan loyiha tashkilotlari “Asilbek Pauyer Projekt” MCHJlarga 1 ta holat boʻyicha va “Grand super projekt” MCHJga 5 ta holat boʻyicha Jizzax viloyat QSXN inspeksiyasi tomonidan berilgan koʻrsatmalarni oʻz vaqtida bajarmaganligi aniqlangan hamda ushbu ishlar boʻyicha hujjatlar yigʻilib, Gʻallaorol tuman sudiga yuborilgan.

    Jumladan, Jizzax shahar “Alisher Navoiy” mahallasida joylashgan bosh pudratchi “Qangli qurilish materillari” MCHJ boʻlgan 4 kavatli 3-4 xonali
    32 xonadonli 14-sonli turar joy binosi qurilish obyektining loyiha hujjatlari “OʻzShaharsozlikLITI” DUK tomonidan 2014-yil ishlab chiqilib, turar joyning 1-2-yoʻlagida joylashgan 16 ta xonadonda qurilish montaj ishlari tugatilgan. Binoning qolgan qismlarida esa qurilish montaj ishlari davom etmoqda. Ammo binoning old tomonida pudrat tashkilot tomonidan bino oldidan koʻcha tomonga 6.0 p/m qoʻshimcha yerga poydevor qoʻyish ishlari bajarilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari buyurtmachi va pudratchi “Qangli qurilish materillari” MCHJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan yaʼni shahar Arxitektura boshqarmasi kengashidan oʻtkazilmagan. Loyiha uchun ekpertiza xulosalari olinmasdan oʻzboshimchalik bilan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu holat buyicha Jizzax viloyat QSXN inspeksiyasi tomonidan qurilish montaj ishlarini toʻxtatish boʻyicha buyurtmachiga koʻrsatma berilgan va yigʻilgan hujjatlar Jizzax shahar Prokuraturasiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

    Shuningdek, yana ushbu manzilda joylashgan (qurilishi tugallanmagan) 7 qavatli mehmonxona binosi qurilishi buyurtmachi va pudratchi “Agrostandartplyus” MCHJ tomonidan olib borilmoqda. Obyekt tasdiqlangan loyiha hujjatlariga koʻra 7 qavat qurilishi talab etilgan boʻlsada, binoga qoʻshimcha 8-qavat qurilishi boshlab yuborilgan, buyurtmachi binoga kiritilgan oʻzgarishlarni shahar Arxitektura qurilish boshqarmasi bilan kelishuvdan oʻtkazmagan, loyiha uchun ijobiy ekspertiza xulosalari olinmagan. Ushbu holat boʻyicha buyurtmachi tashkilot “Agrostandartplyus” MCHJga va loyihachi tashkilot “Jizzax bunyodkor loyiha” MCHJga nisbatan hujjatlar toʻplanib, maʼmuriy javobgarlik boʻyicha sud organlariga yuborilgan. Jumladan, obyektda qurilish montaj ishlarini toʻxtatish boʻyicha inspeksiya tomonidan koʻrsatma berilgan.

    Shu oʻrinda aytish mumkinki, Jizzax viloyati hududida 2021-yil 15-fevral holatiga koʻra jami 65 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan qurilish obyektlari inspeksiya tomonidan roʻyxatga olingan. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilayotgan uy-joylar tahlil qilib koʻrilsa, tadbirkorlar orasida har xil soha vakillari bor va bu ular tomonidan olib borilayotgan qurilish obyektlarida ichki va texnik nazorat ishlarining olib borilish imkoniyatlari yetarli emasligini koʻrsatmoqda. Shuningdek, hozirda Jizzaxda soha mutaxassislari yaʼni qurilish muhandislari yetishmasligi koʻp kuzatilmoqda. Shaharsozlik sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarning baʼzilarida qonunchilik normalari va talablarini bilmaslik yoki huquqiy savod yetishmasligi ham yuzaga chiqmoqda. Shu bois tadbirkor quruvchilardan amaldagi qonunchiliklarni tushungan va boshqalar taqdirini ham oʻylagan holda qurilish nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan talab etilgan koʻrsatmalar ijrosini oʻz vaqtida va oʻrnida bajarishlarini soʻraymiz.

    Qurilish vazirligi

    Matbuot xizmati