Yoshlar onggiga ta’sir etuvchi turli yot g‘oyalar, axborot xavfsizligi masalasiga bag‘ishlangan ushbu tadbir Jizzax viloyati «Kelajak liderlari» klubi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali va Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Ma’lumotga ko‘ra, «Geopolitik tahlil» loyihasining asosiy maqsadi, ko‘plab ma’lumotlar massasidan ma’lum bir tarixiy lahzada yuz bergan, siyosiy ma’noga ega bo‘lgan tasvirlar orqali fikrlarni shakllantirishdir. Odatda, bu kabi loyihalar yoshlarni davlatlar, ittifoqlar, bufer zonalar, ziddiyatli tizimlar, xalqaro munosabatlardagi geografik ta’sirlar, xalqaro raqobat natijasida davlatlarning xatti-harakatlarini tahlil qilish kabi voqyeliklarga bee’tibor bo‘lmaslikka undaydi.

Loyiha doirasida ekspertlar tomonidan yot g‘oyalar ta'sirida inqiloblarning yuzaga kelishi, ularning sabab va oqibatlari, axborot xurujlari, axborot xavfsizlik masalalari, «Taraqqiyot strategiyasi»ning mazmun-mohiyati, yoshlar bandligi, davlat xizmatida ularning o‘rni, yangi joriy etilgan mahallalardagi Yoshlar ishlari agentligining yetakchilari, bugungi imkoniyatlar haqida muhokama olib borildi.

Jizzax davlat pedagogika instituti prorektori, ekspert S.Nazarqosimov tomonidan zamonaviy dunyodagi axborot xurujlari oqibatida inqiloblarning yuzaga kelishi, «davlat to‘ntarishlari», «harbiy to‘ntarishlar» qolaversa, «rangli inqilob» atamasining juda keng qo‘llanilayotgani, «Inqiloblar – bu ijtimoiy ko‘rinish emas, balki, siyosiy buyurtma» ekanligi, uning boshlanishi bor, ammo, yakuni yo‘qligi, eng quyi ildizi esa, yoshlar onggiga borib taqalayotgani, shu sabab, yoshlar turli ta’sirlarga berilmay, hamisha ogoh va hushyor bo‘lish lozimligi ta’kidlandi.

Klub a’zosi S.Fayziev tomonidan namoyish etilgan taqdimotda inqiloblarni asosiy moliyalashtiruvchi shaxs va uning mamlakatlarning tanazzulga yuz tutishidagi manfaati haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.

Ekspert, Jizzax davlat pedagogika instituti kafedra mudiri T.Axmedov o‘z nutqida keng ko‘lamli islohotlar jarayoni izchil davom etib, ular sermahsul bo‘lishidan butun xalqimiz manfaatdorligini, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berishi hamda xalqimizni umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirib turadigan yaxlit ma'naviy asos va mezonga aylanishiga ishonch bildirdi.

Ekspertlar fikrlaridan so‘ng, ekspertlar, Klub a’zolari, loyiha ishtirokchilari, davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va talaba-yoshlari ishtirokida mavzu yuzasidan yakuniy muxokama va savol-javoblar olib borildi.

Yakunda, Klub a’zolari tomonidan tayyorlangan ko‘plab mamlakatlarda yuzaga kelayotgan notinch vaziyatlar, namoyishlar, davlat to‘ntarishlari hamda O‘zbekistondagi tinlik, osoyishtalik, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar aks etgan videorolik va institut talabalari ijrosidagi sahna ko‘rinishi yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

 

Muxlisa Melieva,

Jizzax viloyat «Kelajak liderlari» klubi

Axborot xizmati rahbari,

 

Otabek Musurmonov,

Jizzax viloyat «Kelajak liderlari» klubi

vitse-prezidenti.