Yoshi ulugʻ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz hayot yoʻli, ularning boy tajribasi – yoshlarga oʻrnak. Shu boisdan ham viloyat markazi va tumanlar boʻylab oʻtayotgan samimiy uchrashuv va suhbatlarda mamlakatimiz miqyosida boʻlayotgan tarixiy oʻzgarishlar asosiy mavzu boʻlmoqda. Jizzax shahridagi soʻlim xiyobonda tashkil etilgan bayram oqshomi avvalida ishtirokchilarga namoyish etilgan hujjatli filmda soʻnggi besh yilda voha hayotida roʻy bergan tub oʻzgarish va yutuqlar, Manas, Gagarin, Qoʻytosh kabi koʻpmillatli qishloq va mahallalar, tumanlar markazlari qiyofasi yangidan chiroy ochgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport sohalaridagi salmoqli ishlar haqida soʻz bordi.
Barcha sohalarga xos oʻzgarishlar taʼlim-tarbiya yoʻnalishiga ham xosdir, deydi umrining yarim asrini pedagoglikka bagʻishlagan Olga Xvan. Bugungi kunda maktablarimizda yaratilgan sharoitlarni biz bir umr orzu qilganmiz deya taʼkidlaydi Olga Borisovna.
Hayot sifati va turmush tarzi nafaqat markaz, balki uzoq, chekka va chegaradosh qishloqlarga ham kirib bormoqda.
Jizzax viloyatida turli millatlarga mansub yurtdoshlarimiz bir oila aʼzolaridek ahil va inoqlikda yashab kelmoqda va buni koʻz qorachigʻidek asrash kerak boʻlgan ulkan boylik sifatida yuksak qadrlaydi. Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahri ana shunday koʻp sonli maskanlardan biri boʻlib, 2018-yilda bu yerda misli koʻrilmagan bunyodkorlik ishlari bajarildi. Shahar butunlay yangidan qad rostladi, desak, ham aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan davrda uzoq va chekka, koʻpmillatli hududlar meʼmoriy qiyofasini yangilash, bunday hududlarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi tajribasini oʻrganish maqsadida koʻplab xorijiy davlatlar delegatsiyalari mehmon boʻldi. Ana shunday yuqori martabali mehmonlardan biri, Rossiya Qahramoni Vladimir Shamanovning bolaligi esa Gagarin shahri bilan chambarchas bogʻliq.
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi uzoq yillardan buyon viloyat uchun gʻoyatda dolzarb masala boʻlib kelgan. Nuroniylar va yoshlar oʻrtasida kechgan jonli muloqotlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur muammo yechimiga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilayotganiga alohida urgʻu berildi.
Prezident maktabi, zamonaviy axborot texnologiyalari parki bu obyektlar endi global davr imkoniyatlari asosida kelajak uchun qoʻyilgan mustahkam qadam. Mavjud sharoitlar uchrashuv ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Uch avlod uchrashuvi ishtirokchilari velosportning BMX yoʻnalishi uchun barpo etilgan zamonaviy inshootda ham boʻlib, sportsevar yoshlar uchun muhayyo etilgan yangiliklar bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan koʻpni koʻrgan nuroniylar xalqimiz hayoti va turmush tarzini butunlay oʻzgartirib yuborgan koʻplab ezgu ishlar, barqaror rivojlanish va turgan gapki, kelajakni barpo etishda yoshlarning oʻrni va mavqeyi qanday boʻlishi kerakligi haqida oʻzlarining qimmatli maslahatlarini berishdi.
Bugun keksayu yosh barcha yurtdoshlarimiz koʻnglida “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yakdillik borligi shubhasiz. Binobarin, yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlar voha yoshlari qalbida katta koʻtarinkilik uchun ilhom manbai boʻlayotir.
Madaniyat, maʼnaviyat inson qalbi va ongi toza hamda goʻzal boʻlishi garovi. Yangilanishlar silsilasida mazkur sohalar ham yangi sifat bosqichiga chiqdi. Tumanlar markazlari, qishloqlarda koʻplab yangi madaniyat va sanʼat saroylari paydo boʻldiki, bu qishloq ahli maʼnaviy hayotiga oʻzgacha maʼno-mazmun baxsh etayotir.
Barcha orzularimizga qanot boʻlgan Mustaqillik tushunchasi bugun tom maʼnoda avlodlar oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash, ezgu anʼanalarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish uchun ustuvor kafolat hamdir. Uch avlod uchrashuvida yangragan Ona Vatan va inson qadri, haqidagi jonbaxsh qoʻshiqlar barchaning qalbidagi eng ezgu tuygʻularni jonlantirib, yangi – yangi maqsad-manzillar sari ragʻbat bagʻishladi.