Ushub jarayonlarda minglab fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqlgan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi parlament quyi palatasida birinchi o'qishda qabul qilinib, 2022 yil 25 iyundan boshlab, joriy yilning 5 iyul kuniga qadar umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilindi. Shu bois, bugun qonun loyihasi joylarda keng jamoatchilik ishtirokida qizg'in muhokamadan o'tkazilmoqda.
Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, Markaz platformasi orqali bir qator davra suhbatlari, jamoatchilik muhokamalari tashkil etdi. Shuningdek, fuqarolarni Bosh qomusimizga kiritilayotgan o'zgartish va qo'shimchalardan xabardor qilishga qaratilgan turli xil ko'rinishdagi foto, video, infografik to'plam va slaydlar shaklidagi targ'ibot materiallari tayyorlanib, keng jamoatchilik uchun taqdim etib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Markaz jamoasi va ekspertlari respublikamizning turli hududlarida bo'lib, viloyat, tuman-shahar Kengashlari deputatlari, mahalla faollari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan hamkorlikda fuqarolar bilan uchrashuvlar o'tkazib, asosiy qonunimizni takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, qonun loyihasida inson qadrini yanada yuksaltirish maqsadida ilgari surilayotgan tashabbuslar bo'yicha fuqarolarga ma'lumotlar taqdim etib kelmoqda.
Xususan, joriy yilning 27 iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan hamkorlikda “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalariga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazildi.
Ushbu tadbirlarda Markaz ma'ruzachilari tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan takliflarda fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlari, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirish, oila institutini mustahkamlash, inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan normalar kiritilayotganligi ta'kidlandi.
Xususan, tadbirlarda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamalarini tashkillashtirishda barcha birdek faollikni oshirishi zarurligini ta'kidlab, loyihaning eng asosiy jihatlariga to'xtalib o'tdi.
— Bugun keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasi orqali O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o'zgartishlar hamda 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi normani kiritish taklif etilmoqda, — dedi E.Tulyakov. – Albatta, ushbu qonun loyihasini tayyorlashda birinchi navbatda milliy qadriyatlarimiz va milliy qonunchiligimiz tarixini o'rganish bilan birga bir qatorda, rivojlangan davlatlar Konstitutsiyasi ham o'rganildi.
O'ylaymanki, ushbu Konstitutsiyaviy tuzatishlar, birinchi navbatda jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo'lgan fuqarolarning muayyan shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini kafolatli tarzda ta'minlab himoya qilishga qaratilgan to'g'ridan-to'g'ri ishlaydigan normalarga aylanadi.
Shuningdek, so'zga chiqqan ma'ruzachilar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlari, xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga, sifatli tibbiy xizmat va ta'lim olishiga oid o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilayotganligi ham aytib o'tildi.
Tadbir yakunida barcha fuqarolar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirilib, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni o'rganib chiqib, tegishli tartibda Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etishi ta'kidlab o'tildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati