Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining kompleks rivojlanishini ragʻbatlantirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi

    Mamlakatimizda 12 Iyul 2021 613

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S. Umurzakov boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hozirgi holatini oʻrganish va hududlarning yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida boʻldi.

    Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning hozirgi holatini oʻrganish hamda mavjud muammolarni aniqlash maqsadida, tadbirkorlar va mahalliy aholi bilan sayyor tartibda oʻzaro hamkorlik qiluvchi kichik ishchi guruhlar faoliyatining dastlabki natijalari koʻrib chiqildi. Mahallalar darajasida maqsadli ishlarni mustahkamlash hamda aniq korxonalar, moliyalashtirish manbalari, muddatlari va masʼul ijrochilarni koʻrsatgan holda kommunal va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish masalalarini hal etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

    Sanoatni rivojlantirish va hududni yana-da sanoatlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Hududiy investitsiya dasturlari ijrosini tahlil qilish, muammoli masalalarni aniqlash va tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirish topshirigʻi berildi.

    Shuningdek, tumanlar kesimida xom-ashyo salohiyati va logistika aloqalarini chuqur oʻrganish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Import oʻrnini bosish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi -mahalliylashtirish dasturlari doirasida aniq mahsulot turlarini ishlab chiqarishni maqbulligi boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarni inventarizatsiya qilish va yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash vazifasi belgilandi.

    Eksport sohasiga alohida urgʻu berildi. Eksportchilar bilan maqsadli ishlarni jadallashtirish va ularni ishlab chiqarish va tashqi savdo faoliyatida har tomonlama qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga eksport salohiyatini oshirish uchun yangi zaxiralarni topish choralarini koʻrish topshirildi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.