Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan taʼminlash va suv tozalash inshooti qurib berishni soʻramoqda.

Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi.

2026-yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard soʻm nazarda tutish vazifasi qoʻyildi.

Ilgari viloyatning elektr taʼminoti toʻliq Shirin GES hisobidan boʻlgan. Oʻtgan yili “Masdar” kompaniyasi Gʻallaorolda 220 megavattli quyosh stansiyasini ishga tushirdi.

Prezidentimiz bu ishlarni jadal davom ettirib, xitoylik hamkorlar bilan joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratilishini taʼkidladi. Bunga qoʻshimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.