Jizzaxda 55 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlar murojaatini oʻz vaqtida koʻrmagani uchun jazolandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (biznes-ombudsman) maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlar murojaatlarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi tahlil qilinganda, ayrim hokim yordamchilari tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 373-son qaroriga asosan, hokim yordamchisi tadbirkorning kredit olish uchun arizasini 5 kun ichida koʻrib chiqib, Yagona elektron platformaga oʻz xulosasini kiritishi shart.
Ammo Jizzax viloyatidagi 55 nafar hokim yordamchisi ushbu talabga rioya qilmagan. Ularning harakatsizligi oqibatida 110 dan ortiq tadbirkorning murojaati oʻz vaqtida koʻrib chiqilmadi.
Zomin tumanidagi “Yaxshi niyat” (nomi oʻzgartirilgan) MCHJ rahbarining kredit olish uchun arizasi belgilangan muddatdan 60 kunga kechikib koʻrib chiqilgani bunga misol boʻla oladi.
Qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan masʼul shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.