Shu munosabat bilan “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash” haftaligi doirasida Zomin tumanidagi “Taraqqiyot” MFY hamda “Duoba” QFY aholisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Abdulaziz Aqqulov aholi vakillari hamda mahalla faollari bilan muloqotda boʻlib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarga qaratilayotgan eʼtibor va olib borilayotgan islohotlar mazmuni har bir oilaga kirib borishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Uchrashuv Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Zomin tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilib, kunning birinchi yarmida “Taraqqiyot” MFY vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, bunda aholi tomonidan bildirilgan talab va takliflar, ularni qiziqtirgan masala va muammolarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Uchrashuvdan soʻng tashkilotchilar tomonidan ushbu hududda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar holidan xabar olindi va ularning ijtimoiy holati oʻrganildi.

Kunning ikkinchi yarmida “Duoba” QFY aholisi bilan uchrashuv tashkil etilib, unda asosan, Zomin tumani turizm salohiyati yuqori hudud hisoblanganligi sababli “Turizm qishlogʻi” va “Turizm mahallasi” tashkil etilishi masalasiga ham alohida urgʻu berildi. Bu orqali esa aholining bandligini taʼminlash, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish, ularning turizm sohasidagi bilimlarini yana-da mustahkamlash va xizmat koʻrsatish sifatini yana-da oshirish boʻyicha tushunchalar berildi. Bundan tashqari, oʻz oilaviy tadbirkorligini boshlagan bir qancha fuqarolarga oilaviy mehmon uylarini tashkil etganliklari munosabati bilan Jizzax viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan sertifikatlar ham topshirildi.