Zamonaviy loyihalar asosida qurilgan uylar ikki va uch xonali boʻlib, ularda harbiylarning oilalari farovon hayot kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona va boshqa yordamchi xonalar zamonaviy jihozlangan.
Uning ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, Oʻzbekiston Qahramoni Parda Shukurov, Nuroniy jamgʻarmasi Jizzax viloyati boʻlimi raisi Norqul Nusharov, Sharof Rashidov tumani hokimi Maxmud Xolboʻtayev, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va yangi xonadon egalarining oila aʼzolari ishtirok etishdi.



Tadbirda taʼkidlanganidek, harbiy xizmatchilar uchun barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylarning barpo etilishi prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ularni uy-joy bilan taʼminlash va maishiy sharoitlarini yaxshilashga doir doimiy eʼtibor natijasidir. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tadbirda soʻz olib, oʻzlariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirilib, qurilish tashkilotlari vakillariga toʻnlar kiygizildi. Mehmonlar yangi xonadonlarga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, ularga oilaviy baxt va omad tilashdi.
Shu kuni ushbu harbiy shaharchada yangidan qurib bitkazilgan “Xotira xiyoboni”ning ham ochilish marosimi oʻtkazildi.

Endilikda ushbu maskanga tashrif buyuruvchilar Sharof Rashidov tumanidan Ikkinchi jahon urushiga ketgan vatandoshlarimiz va Vatanimiz mustaqilligini yovuz kuchlardan himoya qilishda fidoyilik koʻrsatgan mard va dovyurak oʻgʻlonlarimizning jasoratlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Zero xalqimizning asl farzandlarining fidoyiliklari hozirgi tinch va osoyishta zamonda yashayotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yoshlarimiz uchun el-yurtga sadoqatli boʻlib kamolga yetish borasida ulkan namuna boʻlib xizmat qiladi.
Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida joylashgan harbiy shaharchalardan birida mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida 2 ta yangidan qurilgan 4 qavatli hamda 3 ta 2 qavatli uylar qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.