Jizzaxliklardan ikki spektakl

    Jizzax viloyati musiqali drama teatrida Sulton Rayev qalamiga mansub “Toj” asari Madaniyat vazirligi badiiy kengashi koʻrigiga taqdim etildi.

    Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrining bosh rejissyori Farxod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda inson hayot yoʻlining eng avj pallasida shohona hayotga, hoyu-havasga, toʻkin-sochinlikka erishishni orzu qilib yuksaklikka qarab intilaveradi.

    Asarda odamga haqiqiy insoniylik maqomi berilganining yaqqol ifodasini koʻrish mumkin. Uni munosib koʻtarib yuradiganlar va aksincha, oʻz manfaati yoʻlida foydalanadiganlar oʻrtasidagi farq shundaki, birinchi holatda inson ruhiyati doimiy yorugʻlik sari intilsa, ikkinchi holatning salbiy oqibatlari ushbu tojni oʻlim tojiga aylantirib qoʻyishi mumkin. Ushbu spektakl badiiy kengash tomonidan ijobiy baholandi.

    Shuningdek, viloyat qoʻgʻirchoq teatrida rejissyor Shomurat Yusupov badiiy rahbarligida, yosh rejissyor Hamidjon Abduvohidov tomonidan sahnalashtirilgan “99 tilla tanga” spektakli ham mutaxassislar eʼtiboriga havola qilindi.

    Spektakl muhokamasida Madaniyat vazirligi Teatr va sirk sanʼatini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Maxmutbay Aytniyazov, Teatr Arboblari uyushmasi mutaxassisi Oybek Veysal oʻgʻli, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi repertuar-tahririyat shoʻbasi mudiri Shorustam Abidov, Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri direktori Hotam Axunov ishtirok etdi.

    Kengash aʼzolari spektaklning yutuqlari haqida oʻz fikr mulohazalarini bildirishdi. Mutaxassislar tomonidan spektakl ijobiy qabul qilindi, deb yozmoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.