Jonli ijro san’atini rivojiga xizmat qiluvchi qonun muhokama etildi

    Joriy yil 9-yanvarda Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Unda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san'atini yana-da rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni muhokama etildi.

    Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan Madaniyat vazirligining jonli ijro san’atini rivojlantirish, san’atkor, ijodkor hamda ijrochilarni qo‘llab quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanyapti.

    Xususan, Qonun bilan tadbirlar tashkil etish va o‘tkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish shakli va darajasini aniq belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanish bo‘yicha amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy san'at va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari, fonogrammadan foydalanish darajasi haqida axborot berish tartibi, konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari aniq ko‘rsatilishi shart ekanligi hamda konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi to‘g‘risidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida o‘n foizini tashkil etishi to‘g‘risidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilyapti.

    Shuningdek, konsert-tomosha tadbirlarida musiqali va boshqa asarlarni ijro etishda fonogrammadan foydalanish darajasiga qarab ijrochilar tomonidan ijro qilish usullari belgilanyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.