– Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish, xususiy mulk daxlsizligi borasidagi siyosatni qatʼiy davom ettiramiz. Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 80 dan ortiq subsidiyalar joriy etildi. Oʻtgan davrda ularga 2,3 trillion soʻm ajratildi.
Lekin, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, muqobil energetika, baliqchilik, parrandachilik, qorakoʻlchilik kabi 10 dan ziyod sohalarda subsidiyalar ishlamayapti. Bunga sabab – ushbu subsidiyalarni toʻlash tartibi murakkab va raqamlashmagan. Tadbirkor subsidiyani olish uchun oʻrtacha 5 ta hujjatni taqdim etishi, 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi zarur. Bunga kamida bir oy ketadi.
Bundan tashqari, 60 foiz chorvadorlar subsidiya olish jarayonini “murakkab” deb hisoblaydi.
Shu bois, kelgusi yil 1-yanvardan, subsidiyalarni ajratish boʻyicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 baravarga qisqartiriladi.
Ikkinchidan, oʻtgan bir yilda tadbirkorlardan talab qilinadigan 400 dan ortiq litsenziya yoki ruxsatnomalardan 114 tasini bekor qildik. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnoma talab qilgan 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi. Hozirda 30 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar “onlayn” tarzda berilmoqda.
Kelgusi yildan boshlab, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.
Uchinchidan, Sirdaryodagi “Vang Da Grup” qoʻshma korxonasi rahbari Goʻzal Tojimirzayeva va metallurgiya sohasidagi 30 dan ziyod boshqa tadbirkorlarimiz induksion pechlardan foydalanishga ruxsat berilishini soʻraganlar. Ushbu murojaatlarni inobatga olib, 1-noyabrdan barcha texnik talablarga toʻla javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Bunda mahsulot sifatini taʼminlash, uni yagona standartlar va xavfsizlik talablariga toʻla javob berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Toʻrtinchidan, tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart. Buning uchun, Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan, barcha tekshirishlarda ishtirok etish va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish vakolati beriladi.
Beshinchidan, bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi boʻyicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard soʻm qarzdor. Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: 1-sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir soʻm ham qarzdorlik qolmasligi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.