Hukumatning “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (521-son, 27.08.2020 y) qabul qilindi.

Unda koʻrsatilishicha, 2018-2020-yillar davomida mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida 2 116 ta uy-joylardan:

350 tasi foydalanishga topshirilgan;

296 tasi yoshlar tomonidan rad etilgan va 556 tasining qurilishi boshlanmagan;

2019-yilda 558 ta va 2020-yilda 356 ta uy-joy qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Qaror bilan Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan yosh oila sifatida hisobga qoʻyilgan va tavsiyanoma berilgan yosh oilalar uchun 2019-2020-yillarda qurilgan yoshlar uylari roʻyxati tasdiqlandi.

Tegishli tashkilotlar 2020-yil uchun hisobga qoʻyilgan 356 nafar yosh oilaga uy-joy ajratishda ularning talabidan kelib chiqib, shaharlarda va qishloq joylarida koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurishning asosiy parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilandi.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining asoslangan hisob-kitobiga muvofiq Islom taraqqiyot bankining kredit liniyalari boʻyicha “Qishloq qurilish invest IK” MCHJ hisobraqamlarida uy quruvchilarning dastlabki badallari hisobidan jamlangan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetiga qaytarilgan qismi hisobidan:

2019-yilda yoshlar uchun qurilgan 558 ta uyning dastlabki badali uchun 30,0 milliard soʻm;

2020-yilda quriladigan uy-joylar uchun 356 nafar yosh oilaga uy-joy qiymati dastlabki badalining 65 foizigacha boʻlgan qismini moliyalashtirish uchun 11,6 milliard soʻm mablagʻlarni qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshgan holda ajratish koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yosh oillarga uy-joy qiymatining dastlabki badali sifatida toʻlangan ssuda va unga hisoblangan foizlarni undirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparatida Yosh oilalarga ajratilgan uy-joylar bilan ishlash boʻyicha nazorat guruhi tashkil etiladi.