Buning uchun:

- import qilinadigan maxsus texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yilga ozod etiladi;

- saralash va qayta ishlash texnikasi xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi;

- chiqindini qayta ishlashga qodir klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi;

- klasterlarni tashkil etish tartibi qayta koʻrib chiqiladi, ularga oʻz hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qoʻyiladi;

- 1-martga qadar 51 tuman va shaharda xususiy sherikchilik asosida jami 38 ta korxona tashkil etish boʻyicha tanlovlar boshlanadi, yil yakuniga qadar ushbu hududlar uchun 500 ta maxsus transport xarid qilinadi;

- 1-oktyabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 mingta, kelgusi yil 1-mayga qadar 11 mingta konteyner oʻrnatiladi.

Yigʻilishda yangi koʻp qavatli uy-joylar loyihasida sanitar-gigiyenik talablar asosida zamonaviy chiqindi yigʻish shoxobchalari qurish talabi shaharsozlik normalariga kiritilishi zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, hududlar rahbarlariga resursini oʻtab boʻlgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1-mayga qadar koʻmish choralarini koʻrish topshirildi.

Mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlashga topshiriq berildi.

Umuman, kelgusi yildan poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga solish boʻyicha aniq moliyaviy manbalarini koʻrsatgan holda qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bir oy muddatda Ohangaron tumanida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi 30 gektar maydonda poligon tashkil etish boʻyicha 17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga koʻrsatma berildi.