2023-yilda 1 mlrd dollarlik eksport amalga oshiriladi. Shuningdek, 2023-yilda Mahalliylashtirish dasturiga koʻra 1,7 trln soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda poytaxtimizda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

2023-yilda jami 2 mlrd dollarlik 465 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi, mazkur loyihalarni moliyalashtirishga 1,2 mlrd dollar xorijiy investitsiya va kreditlar jalb etiladi va 15 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Bundan tashqari, hududiy dasturlarga asosan qurilish materiallari sohasi boʻyicha mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 118,5 mln dollar boʻlgan 35 ta, Fargʻona viloyatida umumiy qiymati 321,7 mln dollar boʻlgan 33 ta, Samarqand viloyatida 250,1 mln dollar boʻlgan 69 ta, Jizzax viloyatida 224 mln dollarlik 18 ta, Navoiy viloyatida 210,3 mln dollar boʻlgan 41 ta, Namangan viloyatida esa 162 mln dollarlik 38 ta loyiha ishga tushiriladi.

Yirik investitsiya loyihalari asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Fargʻona, Samarqand, Jizzax Navoiy, Namangan, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida yangi turdagi import oʻrnini bosuvchi sement, quvur va geosetkalar, keramogranit, burama mixlar, marmar, travertin va granit plitalari, temir-beton, keramik plitkalar, gipsokarton listlari, gazobeton va penobeton bloklari kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish yangi quvvatlari oʻzlashtiriladi.

Mahsulotlar kesimida oladigan boʻlsak, 2023-yilda sement ishlab chiqarish boʻyicha 7 ta, plastik quvur va fitinglar ishlab chiqarish boʻyicha 9 ta, keramik plitkalar ishlab chiqarish boʻyicha 3 ta, bazalt asosida kompozit materiallar va issiqlik saqlovchi mineral plitlar ishlab chiqarish boʻyicha 5 ta, gazobeton ishlab chiqarish boʻyicha 3 ta, gipsokarton listlari ishlab chiqarish boʻyicha 5 ta, gulqogʻoz ishlab chiqarish boʻyicha 2 ta, temir-beton buyumlari ishlab chiqarish boʻyicha 58 ta loyihalar amalga oshiriladi.

Bugungi kunning eng dolzarb masalaridan bir bu uy-joy va boshqa binolarni energiya tejamkorligini taʼminlashdir. Bino va inshootlar energiya tejamkorligini oshirish maqsadida issiqlik saqlash bazalt momigʻi va mineral plitalar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish maqsadida bir qator islohotlar olib borilmoqda. Xususan, “Basalt Wool” MCHJda yillik quvvati 35 ming tonna, “Oʻzmetkombinat” AJda yillik quvvati 12 ming tonna va “Akfa Insulation” MCHJda yillik quvvati 30 ming tonna quvvatlardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻygan holda yangi loyihalarni ham amalga oshirilmoqda.

Shu bois, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish Kengashi boshchiligida 2023-2025-yillarda umumiy qiymati 113,5 mln dollar va yillik quvvati 130 ming tonna boʻlgan bazalt asosida issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalari ishga tushiriladi.

Xususan, Navoiy viloyatida “Petrovul” MCHJ QKda 11 mln dollar investitsiya hisobiga yiliga 30 ming tonna bazalt mineral plitalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Xorazm viloyatida yiliga 30 ming tonna bazalt mineral plitalari tayyorlovchi “Khorezm Insulation Group” MCHJ QK ishga tushiriladi. Shuningdek, Andijon va Namangan viloyatlarida ham yirik quvvatlar yaratiladi.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Investitsiya dasturiga koʻra, 2023-yilda qoʻshimcha ravishda istiqbolli investitsiya loyihalari ham shakllantirilgan. Unga koʻra, Fargʻona, Andijon, Navoiy va Xorazm viloyatlarida quvvati 560 ming m/kub boʻlgan gazobeton bloklarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi rejalashtirilgan.

Namangan, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlarida gips va gipsokarton listlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish kabi jami 118 mln dollarlik 11 ta yoʻnalishda loyihalarni shakllantirish koʻzda tutilgan. Hozirda yuqoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlar va loyihani moliyalashtirish manbalari aniqlanmoqda.