“Oʻztemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning yanvar-mart oylarida 51 ta (2021-yilning shu davrida 53 ta) tekshiruvlar amalga oshirilgan. Tekshiruvlar jarayonida temir yoʻl transportida harakat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablari buzilganligi yuzasidan jami 4360 ta kamchilik aniqlangan boʻlib, shulardan 2263 tasi xavfsizlikka tahdid soluvchi kamchiliklardir.
Hisobot davrida jami 137 ta temir yoʻllari, 44 ta lokomotiv, 277 ta yuk va yoʻlovchi vagonlari nosozligi yoki foydalanish muddati oʻtganligi aniqlanib, foydalanishdan toʻxtatilgan. Tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga taqiqlovchi choralarni belgilovchi bajarilishi majburiy boʻlgan 50 ta koʻrsatma berilgan.
Inspeksiya tomonidan taqdim etilgan koʻrsatmalardagi 4360 ta kamchilikdan 3901 tasi toʻliq bartaraf etilishi taʼminlangan. Bugungi kunda 459 ta qoidabuzilishlarning bartaraf etilishi inspektorlar tomonidan nazoratga olingan.
Bartaraf etilmagan kamchiliklar yuzasidan inspeksiya tomonidan hududlardagi Iqtisodiy sudlariga 1 ta daʼvo arizasi kiritilgan boʻlib, inspeksiya foydasiga ijobiy hal qilingan. Temir yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlari tomonidan temir yoʻllarda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga va temir yoʻlda tashishlar xavfsizligini taʼminlaydigan texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan 1075 ta kompleks profilaktika chora-tadbirlari oʻtkazildi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati, vazirlik va idoralarga qarashli temir yoʻllarda yoʻl qoʻyilgan temir yoʻl tashishlari xavfsizligi buzilishlarining tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, temir yoʻllarda tashishlar xavfsizligi buzilishiga 10 ta holatda harakatdagi tarkib va texnik vositalarning texnik nosozligi, 5 ta holatda – “inson omili”ning salbiy taʼsiri sababli yuzaga kelgan.
Bunday muammolarning oldini olish maqsadida temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashish xavfsizligini taʼminlash va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha 2022-yilning yakunigacha 162 ta tekshiruv oʻtkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, temir yoʻllarda poyezdlar harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan kompleks profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish hamda 6 ta normativ huquqiy va normativ hujjatlar loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.