1
Muddaoga oʻtishdan avval Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasidagi 2025-yilda islohotlar qatʼiy davom ettirilib, iqtisodiyot, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishildi degan taʼkidni bir yodga olsak.
Yangi Oʻzbekiston yetakchisi yurt qaygʻusi, xalq farovonligi yoʻlida bir soniya ham tinim bilmay mehnat qilayotgani va atrofidagi barcha mutasaddilardan ham shuni talab etayotgani guvohi boʻlib turibmiz. Davlatimiz rahbarining joʻshqin kechgan 2025-yildagi faoliyat surʼatini tushirmasdan, aksincha, yanada yuqori bosqichga olib chiqib, 2026-yilda ham davom ettirish maqsadi yanvar oyining dastlabki kunlaridanoq ayon boʻldi.
Prezidentimiz xorij davlatlariga safarlar qildi. Hududlarga tashrif buyurib, oddiy odamlarning orzu-istaklari, kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Ularni oʻylantirayotgan ayrim masalalarga yechim boʻladigan yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surdi. Dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlari bilan uchrashuv va qabullar oʻtkazdi. Umuman, bu oyda ham davlatimiz rahbarining ishchanlik kayfiyati, tigʻiz ish kuni, izchil faoliyati xalqimizga koʻtarinkilik baxsh etdi.
Ana endi muddaoga oʻtamiz. Biz “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”dan nimalar kutamiz, istiqbol rejamizda maqsadlarimiz qay yoʻsin shakllangan, unda bizning ishtirokimiz qanday? Bu savollarga yangi yilning ilk soniyalarida Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrikda oydinlik kiritilgan: “...2026-yilda ham barcha islohotlarimiz, saʼy-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi. Tajribali mahalla raislari va faollari, ziyolilar, tadbirkorlarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz, har bir vatandoshimiz ushbu olijanob ishlarga munosib hissa qoʻshadi deb ishonaman!”.
Yurtimizda kechayotgan islohotlar yildan yilga jadallashib, ortga qaytmas tus olyapti. Oldimizda bizni gʻoyat ulkan maqsad va vazifalar, mashaqqatli marralar kutyapti. Prezidentimiz Murojaatnomasida qayd etilgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining takomillashtirilishi davr talabi, xalq xohish-irodasi va taraqqiyot qonuniyatidir. Biz yangi Oʻzbekistonni bunyod etishdek sharafli va masʼuliyatli yoʻlda sobitqadamlik bilan olgʻa borar ekanmiz, kelgusi taraqqiyotimizga daxldor ushbu hujjatning mukammal boʻlishi, unda har bir yurtdoshimizning orzu-intilishlari aks etishi barchamizdan faollik hamda fidoyilik talab qiladi.
2
Yanvar oyida yangi yil shodiyonalariga ikki bayram ulanib ketadi: 8-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni va 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni. Dastlab Prezidentimizning “Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi, soʻngra “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonlari eʼlon qilindi. Unga koʻra, bir guruh prokuratura va harbiy soha vakillari Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ularga bayram tabrigi yoʻlladi.
Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlash masalasi Xavfsizlik kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida ham asosiy mavzu boʻldi. Unda bu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Oliy Bosh Qoʻmondon tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini taʼkidladi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish boʻyicha “proaktiv ish rejimi”ga oʻtishi shartligini koʻrsatib oʻtdi.
— Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash — bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, — dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi kerakligini qayd etdi.
Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishidan soʻng mamlakatimiz yetakchisi Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyurdi. Korxonada amalga oshirilgan keng koʻlamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik boʻlinmalari faoliyati bilan tanishdi. Tashrif yakunida mamlakatimiz mudofaa sanoati salohiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu kuni Prezidentimiz Chirchiq shahridagi texnoparkda mudofaa sanoati korxonalari va Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishib, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining kompleks harbiy mashqlarini kuzatdi.
3
Mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish, energetika bozorini rivojlantirish hamda gaz qazib olish hajmini koʻpaytirish masalasi doim dolzarblik kasb etib kelgan. Ayniqsa, qish faslida buning ahamiyati karrasiga ortadi.
Davlatimiz rahbari “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Birinchi taqdimotda “Oʻzbekneftgaz” AJ oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga koʻpaytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini koʻrishi zarurligi taʼkidlandi. Neft-gaz sohasida oʻgʻrilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish boʻyicha samarali tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.
Ikkinchi taqdimotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston eng koʻp energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, yurtimizda binolarning yakuniy energiya isteʼmolidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga toʻgʻri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlaridagiga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Shu bois, oʻtgan yilda energiya samaradorligi sohasidagi islohotlarni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030-yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foiz, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa 15 foiz qisqartirish vazifasi yuklatilgan. Taqdimotda agentlikning 2026-yildagi faoliyati rejalari koʻrib chiqildi.
* * *
Kechiktirib boʻlmas vazifalar belgilab olingan navbatdagi taqdimotda koʻp kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini yuksaltirish orqali xizmatlar sifatini oshirish, qoʻshimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega. Bugungi kunda yurtimizda 44 mingdan ziyod koʻp kvartirali uyda 7,1 million aholi yashaydi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyasi va 200 dan ortiq shirkat xizmat qiladi.
Prezidentimiz mutasaddilarga qisqa muddatda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Qurilish loyihalari taqdimot qilingan yana bir yigʻilishda davlatimiz rahbari turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi. Loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy talablarga qatʼiy rioya qilish, shaharsozlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi ehtiyojlarini inobatga olish muhimligi taʼkidlandi.
15-yanvar kuni boʻlib oʻtgan, turizm va madaniyat sohasidagi masalalar muhokama qilingan taqdimotda ham xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid masalalar kun tartibidan joy oldi. Prezidentimiz madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan oʻzaro bogʻlagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida qayd etdi.
4
Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar boʻlayotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda oʻtayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.
— Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda, — dedi Prezidentimiz.
2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanyaptimi?” degan masala oʻrtaga qoʻyildi.
— Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir, — dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, sayyohlar oqimi hamda ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi samaradorlik mezoni boʻlishi qayd etildi. Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
* * *
19-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti poytaxtimizda toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
5
Amaliyotdan maʼlumki, samarali davlat boshqaruvida mamlakatdagi aniq demografik va ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barqaror taraqqiyot yoʻlidan borayotgan yangi Oʻzbekiston uchun bu masala yanada dolzarb. Har bir davlatni rivojlantirish istiqbollarini belgilashda unda yashovchi aholining soni, turmush darajasi va farovonligi, qishloq xoʻjaligi holatini aniqlash birlamchi vazifalar qatorida turadi.
Bunda roʻyxatga olish muhim rol oʻynaydi. Aholi soni, hududlar boʻyicha joylashuvi, bandlik tarkibi hamda yer resurslaridan foydalanishning real holati toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega davlat qarorlarni taxminlar asosida emas, balki ishonchli va tekshirilgan manbalarga tayanib qabul qiladi.
Bugun Oʻzbekistonda davom etayotgan roʻyxatga olish tadbirlari joriy yilning 15 yanvaridan 28-fevraligacha ikki bosqichda tashkillashtirilgan. Birinchi bosqichda fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtdi. Endi ikkinchi bosqichda 4-28-fevral kunlari “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali toʻldiriladi.
Mamlakatimiz yetakchisi huzurida 19-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha qilinayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Davlatimiz rahbari 36 yilda birinchi marta oʻtkazilayotgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini sifatli tashkillashtirish, maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash va ulardan qaror qabul qilish jarayonlarida keng foydalanish muhimligini taʼkidladi.
6
Prezidentimiz Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Yetakchi xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari va vakillari, maxsus mehmonlar va rasmiylar huzurida davlatimiz rahbari tobora kuchayib borayotgan global ziddiyatlarga qaramay, sport davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqot, oʻzaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashning universal vositasi sifatida oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.
“Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratdik. Olimpiya harakati targʻibotini eng quyi boʻgʻindan boshlash va seleksiyani kengaytirish maqsadida uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari tizimini yoʻlga qoʻydik. Bu musobaqalarning har bir bosqichiga xalqaro sport mezonlari va talablari tatbiq qilindi”, dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz yetakchisi yangi Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan sport sohasida koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlik uchun ochiqligini, sport diplomatiyasini rivojlantirish hamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishga tayyorligini taʼkidladi.
Tadbir yakunida Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy olimpiya harakatini rivojlantirish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qoʻshayotgan alohida hissasi uchun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.
Shu kuni Prezidentimiz Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati va tashkilot Bosh assambleyasi ishtirokchilarini qabul qildi. Uchrashuv avvalida Osiyo Olimpiya kengashining yangi saylangan prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbariga Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekistonga xalqaro sport harakatining ishonchli hamkori sifatida yuksak ishonch bildirilib, tashkilot assambleyasini Toshkentda oʻtkazishga qaror qilingani uchun minnatdorlik izhor etdi.
* * *
Prezidentimiz huzurida 20-yanvar kuni sport sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026-yil uchun moʻljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Tanishuv jarayonida davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Yuqori sport natijalariga erishish nafaqat infratuzilma va musobaqalar, balki sport fanining barcha yoʻnalishlarini tizimli rivojlantirish bilan bevosita bogʻliq ekanini taʼkidladi.
Taqdimotda joriy yil Italiyada boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki boʻyicha ham axborot berildi. Prezidentimiz belgilangan vazifalarni toʻliq va sifatli bajarish, sportni ommalashtirish hamda xalqaro maydonda barqaror natijalarga erishishni taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
7
Tinchlik borasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga aylangan. Mamlakatimiz har doim urush emas, muloqot tarafdori boʻlib kelgan va mojarolarni diplomatik yoʻl bilan hal etish, davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash tarafdori sifatida xalqaro maydonda eʼtirof etilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 21-yanvar kuni Davos shahrida Amerika yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Avvalroq davlatimiz rahbari kengashga taʼsischi davlat sifatida qoʻshilish taklifini qabul qilgan edi.
Tinchlik kengashining tashkil etilishi Oʻzbekiston tashqi siyosatining tinchlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslari va koʻp qirrali hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qoʻllab-quvvatlangan Gʻazo sektoridagi mojaroni tugatish boʻyicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega yangi Gʻazoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltiradi. Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va taʼsirga ega yetakchilar oʻrin oldi. Kengash nizomini imzolab, Oʻzbekiston uni taʼsis etgan davlatlardan biriga aylandi.
Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimi doirasida davlatimiz rahbari bilan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Yetakchilar doʻstona ruhda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Koʻp tomonlama, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Davos shahriga amaliy tashrifi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan ham uchrashuvlar oʻtkazdi.
8
Xastimom dahasi azaldan eski shaharning “yuragi” hisoblanadi. Soʻnggi yillarda bu yerda bajarilgan ishlar koʻlami nafaqat poytaxt ahli va mehmonlari, shu bilan birga, xorijlik sayyohlarning ham hayratlariga hayrat qoʻshmoqda. Hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy meʼmorlik anʼanalari va hunarmandlik ruhi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, bu yerda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi va unga yondosh mahallalardagi obodonlashtirish ishlari shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori hamda nazoratida boʻldi.
Prezidentimiz 23-yanvar kuni Zarqaynar koʻchasida tashkil etilgan turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, sayyohlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.
— Biz sayyohlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Masalan, hunarmandlik — milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yoʻnalishlardan biri. Shu bois, hunarmandlarga mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq, — dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga turizm va xizmat koʻrsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida joriy yil uchun 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish kabi koʻplab vazifalar belgilab olindi.
Prezidentimiz Olmazor tumanidagi “Sinomed” koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Koʻp tarmoqli tibbiyot markazida koʻrsatilayotgan xizmatlar, bemorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, ambulator sharoitda davolash xonalari bilan tanishdi.
9
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaganini, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini taʼkidladi.
Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin — mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi toʻgʻri tashkil etilmagani uchun muammolar toʻplanib qolgani qayd etildi.
Mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga oʻtkazish boʻyicha farmon loyihasini kiritish topshirildi. Ushbu boʻlinmalar uchun xizmatni oʻtash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish boʻyicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylanishi belgilandi.
Shu kuni Prezidentimiz Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qoʻriqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi. Xizmat binosi hovlisida xizmatda qoʻllanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini koʻzdan kechirdi.
Soʻng qoʻriqlash texnikasi vositalarining koʻrgazmali taqdimoti bilan tanishildi. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berildi.
Ichki ishlar va qoʻriqlash xizmati ishlarini mahalladan boshlash, xonadonlarning holatini oʻrganib, ularning xavfsizligini taʼminlash zarurligi alohida taʼkidlandi. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish kerakligiga eʼtibor qaratildi.
10
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan taklifiga binoan 29-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Anqara shahridagi Prezident saroyida ikki mamlakat yetakchilarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Soʻng birinchi rahbarlar raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tomonlar siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi oʻxshash ekani mamnuniyat bilan qayd etdi. Yigʻilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Prezidentlar Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Bundan tashqari, koʻp qirrali sheriklikning turli yoʻnalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar toʻplami imzolandi.
Rasmiy tashrif doirasida Hatay viloyatida mamlakatimiz tomonidan barpo etilgan “Oʻzbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari uch yil oldin sodir boʻlgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun ogʻir sinov boʻlganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam koʻrsatdi. Qisqa muddatda viloyatning Arsuz tumanida 300 dan ziyod toʻliq jihozlangan xonadon, jami 24 ta koʻp qavatli uydan iborat, barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.
Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi abadiy doʻstlikning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi. Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida oʻzbek maktabi qurilishini boshlab berdi. Mazkur dargoh Oʻzbekistonning xorijdagi birinchi taʼlim muassasasi boʻladi. Yangi oʻquv maskani Turkiyada yashovchi oʻzbek oilalari farzandlariga oʻz ona tilida taʼlim olish bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va anʼanalarni saqlab qolish imkonini beradi.
11
Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar va oʻzgarishlar haqida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida muntazam maqolalar beriladi. Koʻzga koʻringan mutaxassis va mutasaddilar, taniqli ekspertlar, siyosatchiyu iqtisodchilarning har bir chiqishi tahlillaru taqqoslarga boy. Oʻtgan yildan boshlab esa davlatimiz rahbarining faoliyati — uchrashuv, qabul, hudud va xorijga tashriflari, taqdimot va videoselektor yigʻilishlari mohiyati, xalqaro tadbirlardagi nutqlari, imzolangan hujjatlari mazmunini oylar kesimida yoritib borishga harakat qilyapmiz.
Lekin har safar “Oy sarhisobi” rukni uchun tayyorlanadigan maqolamizga Prezidentimizning koʻlami, qamrovi va surʼati bilan katta-katta tadqiqot va kitoblarga jo boʻladigan faoliyatining barcha epizodlarini qamrab olishning ilojini topolmaymiz. Gazeta hajmi va imkoniyatlari bunga izn bermaydi. Taqdimotlar, yigʻilish va qabullar haqida axborotning hammasi ham bitta maqolaga sigʻmaydi.
Bu safar ham shunday boʻldi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri