1

 Muddaoga oʻtishdan avval Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻz­bekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatno­masidagi 2025-yilda islohotlar qatʼiy davom ettirilib, iqtisodiyot, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, eko­logiya — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishildi degan taʼkidni bir yodga olsak.

Yangi Oʻzbekiston yetakchisi yurt qaygʻu­si, xalq farovonligi yoʻlida bir soniya ham tinim bilmay mehnat qilayotgani va atrofidagi barcha mutasaddilardan ham shuni talab etayotgani guvohi boʻlib tu­ribmiz. Davlatimiz rahbarining joʻshqin kechgan 2025-yildagi faoliyat surʼati­ni tushirmasdan, aksincha, yanada yuqori bosqichga olib chiqib, 2026-yilda ham davom ettirish maqsadi yanvar oyining dastlabki kunlaridanoq ayon boʻldi.

Prezidentimiz xorij davlatlariga safarlar qildi. Hududlarga tashrif buyurib, oddiy odamlarning orzu-istaklari, kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Ularni oʻylantirayotgan ayrim masalalarga yechim boʻladigan yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surdi. Dunyoning yetakchi davlatla­ri rahbarlari bilan uchrashuv va qabullar oʻtkazdi. Umuman, bu oyda ham davlatimiz rahbarining ishchanlik kayfiyati, tigʻiz ish kuni, izchil faoliyati xalqimizga koʻtarinkilik baxsh etdi.

Ana endi muddaoga oʻtamiz. Biz “Mahal­lani rivojlantirish va jamiyatni yuksal­tirish yili”dan nimalar kutamiz, istiq­bol rejamizda maqsadlarimiz qay yoʻsin shakllangan, unda bizning ishtirokimiz qanday? Bu savollarga yangi yilning ilk soniyalarida Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrikda oydinlik ki­ritilgan: “...2026-yilda ham barcha is­lohotlarimiz, saʼy-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi. Tajribali mahalla rais­lari va faollari, ziyolilar, tadbir­korlarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz, har bir vatan­doshimiz ushbu olijanob ishlarga mu­nosib hissa qoʻshadi deb ishonaman!”.

Yurtimizda kechayotgan islohotlar yildan yilga jadallashib, ortga qaytmas tus olyapti. Oldimizda bizni gʻoyat ulkan maqsad va vazi­falar, mashaqqatli marralar kutyapti. Pre­zidentimiz Murojaatnomasida qayd etilgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining tako­millashtirilishi davr talabi, xalq xohish-irodasi va taraqqiyot qonuniyatidir. Biz yangi Oʻzbekistonni bunyod etishdek sharafli va masʼuliyatli yoʻlda sobitqadamlik bilan olgʻa borar ekanmiz, kelgusi taraqqiyotimizga daxl­dor ushbu hujjatning mukammal boʻlishi, unda har bir yurtdoshimizning orzu-intilishlari aks etishi barchamizdan faollik hamda fidoyilik talab qiladi.

2

Yanvar oyida yangi yil shodiyonalariga ikki bayram ulanib ketadi: 8-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodim­lari kuni va 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni. Dastlab Prezidentimizning “Proku­ratura organlari xodimlari kuni munosaba­ti bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi, soʻngra “Oʻzbekiston Respublika­si Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni muno­sabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmon­lari eʼlon qilindi. Unga koʻra, bir guruh pro­kuratura va harbiy soha vakillari Vatanimiz­ning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ularga bayram tabrigi yoʻlladi.

Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlash masala­si Xavfsizlik kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan ken­gaytirilgan yigʻilishida ham asosiy mavzu boʻldi. Unda bu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Oliy Bosh Qoʻmondon tinchlik va xotirjam­lik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini taʼkid­ladi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish boʻyicha “proaktiv ish reji­mi”ga oʻtishi shartligini koʻrsatib oʻtdi.

— Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash — bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqo­ri texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, — dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri boʻli­shi kerakligini qayd etdi.

Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishidan soʻng mamlakatimiz yetakchisi Chir­chiq aviatsiya taʼmirlash zavodiga tashrif buyur­di. Korxonada amalga oshirilgan keng koʻlamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik boʻlinmalari faoliyati bi­lan tanishdi. Tashrif yakunida mamlakatimiz mudofaa sanoati salohiyatini yanada mustahkam­lash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shu kuni Prezidentimiz Chirchiq shahrida­gi texnoparkda mudofaa sanoati korxonalari va Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishib, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining kompleks harbiy mashqlarini kuzatdi.

3

Mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish, energetika bozorini rivojlantirish hamda gaz qazib olish hajmini koʻpaytirish masalasi doim dolzarblik kasb etib kelgan. Ayniqsa, qish faslida buning ahamiyati karra­siga ortadi.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish hamda elektr ener­giyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimotlar bilan ta­nishdi.

Birinchi taqdimotda “Oʻzbekneftgaz” AJ oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmini koʻpaytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metr­ga koʻpaytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini koʻri­shi zarurligi taʼkidlandi. Neft-gaz sohasi­da oʻgʻrilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratil­di. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish boʻyicha sama­rali tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Ikkinchi taqdimotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston eng koʻp energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, yurti­mizda binolarning yakuniy energiya isteʼmoli­dagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga toʻgʻri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlaridagiga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu bois, oʻtgan yilda energiya samarador­ligi sohasidagi islohotlarni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030-yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foiz, davlat idoralari va ijtimoiy obyektlarda esa 15 foiz qisqartirish vazifasi yuklatilgan. Taqdimotda agentlikning 2026-yildagi faoliyati rejalari koʻrib chiqildi.

* * *

Kechiktirib boʻlmas vazifalar belgilab olingan navbatdagi taqdimotda koʻp kvartira­li uy-joy fondini boshqarish tizimini tako­millashtirish va aholiga sifatli xizmat koʻr­satishni taʼminlashga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini yuksalti­rish orqali xizmatlar sifatini oshirish, qoʻ­shimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega. Bugungi kunda yurtimizda 44 mingdan ziyod koʻp kvartirali uyda 7,1 million aholi yashaydi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyasi va 200 dan ortiq shirkat xizmat qiladi.

Prezidentimiz mutasaddilarga qisqa mud­datda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof ti­zim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Qurilish loyihalari taqdimot qilingan yana bir yigʻilishda davlatimiz rahbari tu­rizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlar bilan ta­nishdi. Loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy talablarga qatʼiy rioya qilish, shaharsozlik madaniyatini yuksalti­rish hamda aholi ehtiyojlarini inobatga olish muhimligi taʼkidlandi.

15-yanvar kuni boʻlib oʻtgan, turizm va madaniyat sohasidagi masalalar muhokama qilingan taqdimotda ham xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid masalalar kun tartibidan joy oldi. Prezidentimiz madaniyat loyiha­larini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan oʻzaro bogʻlagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida qayd etdi.

4

Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masala­lariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi avvalida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar boʻlayot­gan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda oʻtayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.

— Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda, — dedi Prezidentimiz.

2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolat­xonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplo­matik aloqa oʻrnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muas­sasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilga­ni qayd etildi.

Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vako­latxonalar mavjud imkoniyatlardan toʻliq foy­dalanyaptimi?” degan masala oʻrtaga qoʻyildi.

— Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi in­vestitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-lo­gistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng aso­siysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qi­ladigan davlat vakilidir, — dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, sayyohlar oqimi hamda ushbu mam­lakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi sama­radorlik mezoni boʻlishi qayd etildi. Iqtiso­diy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

* * *

19-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti poytaxtimizda toʻxtagan Italiya Respublika­si Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning ama­liy jihatlari koʻrib chiqildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

5

Amaliyotdan maʼlumki, samarali davlat boshqaruvida mamlakatdagi aniq demografik va ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barqaror taraqqiyot yoʻli­dan borayotgan yangi Oʻzbekiston uchun bu masala yanada dolzarb. Har bir davlatni rivojlanti­rish istiqbollarini belgilashda unda yashovchi aholining soni, turmush darajasi va faro­vonligi, qishloq xoʻjaligi holatini aniqlash birlamchi vazifalar qatorida turadi.

Bunda roʻyxatga olish muhim rol oʻynay­di. Aholi soni, hududlar boʻyicha joylashu­vi, bandlik tarkibi hamda yer resurslaridan foydalanishning real holati toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega davlat qarorlarni taxminlar asosida emas, balki ishonchli va tekshirilgan manbalarga tayanib qabul qiladi.

Bugun Oʻzbekistonda davom etayotgan roʻyxat­ga olish tadbirlari joriy yilning 15 yanva­ridan 28-fevraligacha ikki bosqichda tashkil­lashtirilgan. Birinchi bosqichda fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali onlayn roʻyxat­dan oʻtdi. Endi ikkinchi bosqichda 4-28-fevral kunlari “mahalla yettiligi” xodimlari tomo­nidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali toʻldiriladi.

Mamlakatimiz yetakchisi huzurida 19-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini tash­kil etish hamda oʻtkazish boʻyicha qilinayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Davlatimiz rahbari 36 yilda birinchi marta oʻtkazilayotgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini sifatli tashkillashtirish, maʼ­lumotlarning ishonchliligini taʼminlash va ulardan qaror qabul qilish jarayonlarida keng foydalanish muhimligini taʼkidladi.

6

Prezidentimiz Osiyo Olimpiya kengashi­ning 46-Bosh assambleyasida ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Yetakchi xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari va vakilla­ri, maxsus mehmonlar va rasmiylar huzurida davlatimiz rahbari tobora kuchayib borayotgan global ziddiyatlarga qaramay, sport davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqot, oʻzaro angla­shuv hamda hamkorlikni mustahkamlashning universal vositasi sifatida oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.

“Biz islohotlarimizning ilk kunla­ridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratdik. Olimpiya haraka­ti targʻibotini eng quyi boʻgʻindan boshlash va seleksiyani kengaytirish maqsadida uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi” kom­pleks sport musobaqalari tizimini yoʻlga qoʻydik. Bu musobaqalarning har bir bosqi­chiga xalqaro sport mezonlari va talablari tatbiq qilindi”, dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi yangi Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan sport sohasida koʻp qir­rali va uzoq muddatli hamkorlik uchun ochiqli­gini, sport diplomatiyasini rivojlantirish hamda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishga tayyorligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy olimpiya harakatini rivojlanti­rish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qoʻshayotgan alohida hissasi uchun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.

Shu kuni Prezidentimiz Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati va tashkilot Bosh assam­bleyasi ishtirokchilarini qabul qildi. Uch­rashuv avvalida Osiyo Olimpiya kengashining yangi saylangan prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbari­ga Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekistonga xalqaro sport harakatining ishonchli hamkori sifatida yuksak ishonch bildirilib, tashkilot assambleyasini Toshkentda oʻtkazishga qaror qi­lingani uchun minnatdorlik izhor etdi.

* * *

Prezidentimiz huzurida 20-yanvar kuni sport sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik musobaqalar natijalari hamda 2026-yil uchun moʻljallangan vazifalar yuzasi­dan taqdimot oʻtkazildi. Tanishuv jarayonida davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlanti­rishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish masala­lariga alohida eʼtibor qaratdi. Yuqori sport natijalariga erishish nafaqat infratuzilma va musobaqalar, balki sport fanining barcha yoʻnalishlarini tizimli rivojlantirish bi­lan bevosita bogʻliq ekanini taʼkidladi.

Taqdimotda joriy yil Italiyada boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki boʻyi­cha ham axborot berildi. Prezidentimiz bel­gilangan vazifalarni toʻliq va sifatli baja­rish, sportni ommalashtirish hamda xalqaro maydonda barqaror natijalarga erishishni taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

7

Tinchlik borasidagi tashabbuslarni qoʻl­lab-quvvatlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga aylangan. Mamlakati­miz har doim urush emas, muloqot tarafdori boʻlib kelgan va mojarolarni diplomatik yoʻl bilan hal etish, davlatlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash tarafdori sifatida xalqaro maydonda eʼtirof etilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning takli­figa binoan 21-yanvar kuni Davos shahrida Amerika yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Tinchlik kengashi nizomini imzo­lash marosimida ishtirok etdi. Avvalroq dav­latimiz rahbari kengashga taʼsischi davlat si­fatida qoʻshilish taklifini qabul qilgan edi.

Tinchlik kengashining tashkil etilishi Oʻzbekiston tashqi siyosatining tinchlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslari va koʻp qirrali hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kenga­shi rezolyutsiyasi bilan qoʻllab-quvvatlangan Gʻazo sektoridagi mojaroni tugatish boʻyicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega yangi Gʻazoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltiradi. Kengash tar­kibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va taʼsirga ega yetakchilar oʻrin oldi. Kengash nizomini imzolab, Oʻzbekiston uni taʼsis etgan davlatlardan biriga aylandi.

Tinchlik kengashi nizomini imzolash ma­rosimi doirasida davlatimiz rahbari bi­lan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Yetakchilar doʻstona ruhda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Koʻp tomon­lama, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashki­loti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Davos shahriga amaliy tashrifi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Blackrock” kompaniyasi di­rektorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan ham uchra­shuvlar oʻtkazdi.

8

Xastimom dahasi azaldan eski shaharning “yuragi” hisoblanadi. Soʻnggi yillarda bu yerda bajarilgan ishlar koʻlami nafaqat poy­taxt ahli va mehmonlari, shu bilan birga, xo­rijlik sayyohlarning ham hayratlariga hayrat qoʻshmoqda. Hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy meʼmorlik anʼanalari va hunarmandlik ruhi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, bu yerda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi va unga yondosh mahal­lalardagi obodonlashtirish ishlari shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori hamda nazoratida boʻldi.

Prezidentimiz 23-yanvar kuni Zarqaynar koʻchasida tashkil etilgan turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati bilan tanish­di. Milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yara­tilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, sayyohlar, hunar­mandlar bilan samimiy suhbatlashdi.

— Biz sayyohlar uchun sharoit yaratishni is­taymiz, lekin buning asosini ham toʻgʻri yoʻl­ga qoʻyishimiz kerak. Masalan, hunarmandlik — milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yoʻnalishlardan biri. Shu bois, hunarmandlar­ga mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning va­zifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq, — dedi Pre­zidentimiz.

Mutasaddilarga turizm va xizmat koʻrsa­tish sohalaridagi ishlarni yanada takomil­lashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xiz­mat qiladigan barqaror tizimni shakllanti­rish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Shu kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan aso­siy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻi­lishida joriy yil uchun 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oila­ni kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻal­lik darajasini 4,5 foizga tushirish kabi koʻplab vazifalar belgilab olindi.

Prezidentimiz Olmazor tumanidagi “Sinomed” koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Koʻp tarmoqli tibbiyot markazida koʻrsatilayotgan xizmatlar, bemorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jum­ladan, ambulator sharoitda davolash xonalari bilan tanishdi.

9

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhit­ni shakllantirish hamda jamoat xavfsizli­gini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Davlati­miz rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi si­fatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaganini, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini taʼkidladi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin — mahalla profilakti­kasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi toʻgʻri tashkil etilmagani uchun muammolar toʻplanib qolgani qayd etil­di.

Mutasaddilarga ichki ishlar organlari­ning aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kura­shuvchi tuzilmalarini yangi tizimga oʻtkazish boʻyicha farmon loyihasini kiritish topshi­rildi. Ushbu boʻlinmalar uchun xizmatni oʻtash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish boʻyicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylani­shi belgilandi.

Shu kuni Prezidentimiz Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qoʻriqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi. Xizmat binosi hovlisida xizmatda qoʻllanila­yotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etila­digan transport vositalarini koʻzdan kechirdi.

Soʻng qoʻriqlash texnikasi vositalarining koʻrgazmali taqdimoti bilan tanishildi. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berildi.

Ichki ishlar va qoʻriqlash xizmati ishla­rini mahalladan boshlash, xonadonlarning holatini oʻrganib, ularning xavfsizligini taʼminlash zarurligi alohida taʼkidlandi. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda qonunbuzarlik va jinoyat omil­larini muntazam tahlil qilish kerakligiga eʼtibor qaratildi.

10

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tur­kiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan taklifiga binoan 29-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Anqara shahridagi Prezident saroyida ikki mamlakat yetakchilarining tor doiradagi uchra­shuvi boʻlib oʻtdi.

Soʻng birinchi rahbarlar raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tomonlar siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiya­si oʻxshash ekani mamnuniyat bilan qayd etdi. Yigʻilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshi­rildi.

Prezidentlar Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot hamda Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari toʻgʻrisidagi qaror­ni imzoladi. Bundan tashqari, koʻp qirrali sheriklikning turli yoʻnalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar toʻplami imzolandi.

Rasmiy tashrif doirasida Hatay viloya­tida mamlakatimiz tomonidan barpo etilgan “Oʻzbekiston” turar joy majmuasining ochi­lish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari uch yil oldin sodir boʻlgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun ogʻir sinov boʻlganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston ushbu fojiali davrning dast­labki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam koʻrsatdi. Qisqa muddatda viloyatning Arsuz tumanida 300 dan ziyod toʻliq jihozlan­gan xonadon, jami 24 ta koʻp qavatli uydan ibo­rat, barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.

Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki oʻz­bek va turk xalqlari oʻrtasidagi abadiy doʻst­likning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi. Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitla­rini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida oʻzbek maktabi qurilishini boshlab berdi. Mazkur dargoh Oʻzbekistonning xorijdagi birinchi taʼlim muassasasi boʻla­di. Yangi oʻquv maskani Turkiyada yashovchi oʻzbek oilalari farzandlariga oʻz ona tilida taʼlim olish bilan birga milliy qadriyatlar, mada­niyat va anʼanalarni saqlab qolish imkonini beradi.

11

Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar va oʻzgarishlar haqida “Yangi Oʻzbekiston” gaze­tasida muntazam maqolalar beriladi. Koʻzga koʻringan mutaxassis va mutasaddilar, taniq­li ekspertlar, siyosatchiyu iqtisodchilarning har bir chiqishi tahlillaru taqqoslarga boy. Oʻtgan yildan boshlab esa davlatimiz rahbari­ning faoliyati — uchrashuv, qabul, hudud va xo­rijga tashriflari, taqdimot va videoselektor yigʻilishlari mohiyati, xalqaro tadbirlardagi nutqlari, imzolangan hujjatlari mazmunini oylar kesimida yoritib borishga harakat qilyapmiz.

Lekin har safar “Oy sarhisobi” rukni uchun tayyorlanadigan maqolamizga Prezi­dentimizning koʻlami, qamrovi va surʼati bilan katta-katta tadqiqot va kitoblarga jo boʻladigan faoliyatining barcha epizodlari­ni qamrab olishning ilojini topolmaymiz. Gazeta hajmi va imkoniyatlari bunga izn bermaydi. Taqdimotlar, yigʻilish va qabul­lar haqida axborotning hammasi ham bitta maqolaga sigʻmaydi.

Bu safar ham shunday boʻldi.

 

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri