Jozibador imkoniyatlar hududi

    Dunyoning 150 ga yaqin davlatida 5 400 dan ortiq iqtisodiy hududlar mavjud.

    Bu dunyoda hamma narsa bir-biri bilan uzviy bog'liq. Ayniqsa, iqtisodiyotda. Misol uchun yuqori qo'shilgan qiymatga ega bo'lgan mahsulotni ishlab chiqarish uchun zamonaviy, yuksak texnologiyali quvvatlar zarur. Bunday korxonalarni barpo qilish uchun esa, xorijiy va mahalliy investitsiyani jalb etish yaxshi samara beradi. Ular o'z navbatida qulay shart-sharoitlar yaratilgan, keng imtiyoz, rag'batlar berilgan joyda butun salohiyatini namoyon etadi. Mana shu jihatlarning barchasi mujassam bo'lgan maskanda maxsus yoki erkin iqtisodiy hududni tashkil etish imkoniyati vujudga keladi.

    Ko'plab olimlar tomonidan berilgan ta'riflar umumlashtirilganda, bunday hududlar mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan ma'muriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti bo'lgan maxsus ajratilgan makonu maskanlar hisoblanadi.

    Ularning tarixiy ildizlari o'n oltinchi asr o'rtalariga borib taqaladi. Tadqiqotchilar dastlabki maxsus iqtisodiy zona sifatida 1547-yilda “erkin savdo shahri” deb e'lon qilingan Italiyaning Livorno shahrini tilga olishadi. Shunday hududni o'ziga xos tashqi savdo aknlavi sifatida ta'riflagan 1973-yilgi Kioto konvensiyasi imzolanganidan keyin erkin iqtisodiy zonalar ko'plab mamlakatlarga tarqaldi. Masalan, o'tgan asrning 90-yillarida ularning turli ko'rinishdagi soniga nisbatan minglab, degan ta'rif qo'llanila boshlangan bo'lsa, ayni kunga kelib dunyoning 150 ga yaqin davlatida 5 400 dan ortiq iqtisodiy hududlar mavjud.

    Ular orasida O'zbekistonda faoliyat ko'rsatayotgan maxsus iqtisodiy zonalar ham bor. Mamlakatimizda 2008-2016-yillar davomida faqatgina 3 ta ana shunday hudud tashkil etilgan bo'lsa, ayni kunga kelib ular soni 23 taga yetdi. Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilib, 36 mingga yaqin ish o'rni yaratilgan.

    Maxsus iqtisodiy zonalar bo'sh turgan va faoliyat ko'rsatmayotgan davlat mulki obyektlari, ma'muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek, qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.

    E'tirof etish joiz, mamlakatimiz hududlarining imkoniyatlari katta. Shundan kelib chiqqan holda, davlatimiz rahbari 2021-yilning 30-aprel kuni “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard so'm mablag' ajratilishi belgilandi. Xususan, 17 ta erkin iqtisodiy zonada qo'shimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo'llarini barpo etish uchun 584 milliard so'm yo'naltiriladi.

    Joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo'lgan 332 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan 2016-yil 26-oktyabrda qabul qilingan “erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident farmoniga asosan, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uch yildan o'n yilga qadar yer, foyda solig'i, yuridik shaxslar mulk solig'i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to'lovidan ozod etilgan. Bunda kiritilgan sarmoyalar miqdori inobatga olingan, ya'ni:

    300 mingdan 3 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 3 yil; 3 milliondan 5 million AQSH dollarigacha — 5 yil; 5 milliondan 10 million AQSH dollarigacha —7 yil; 10 million va undan ko'p AQSH dollari hajmidagi investitsiyalar so'nggi 5 yilda amaldagi stavkalardan 50 foiz kam hajmdagi daromad solig'i va yagona soliq to'lovi stavkalari qo'llangan holda — 10 yil muddatga berilishi nazarda tutilgan edi.

    — 2020-yil 19-iyundagi “Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to'g'risida”gi Prezident farmoni bilan bir qator o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi, — deydi Davlat soliq qo'mitasi boshqarma boshlig'i Muzaffar Nazarov. — Ularga muvofiq, 2020-yil 1-oktyabrga qadar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va “Maxsus iqtisodiy zonalar to'g'risida”gi qonunda belgilangan tartibda alohida soliqlar, shuningdek, bojxona to'lovlari bo'yicha imtiyozlarni qo'llashning o'ziga xos xususiyatlari inobatga olingan. Jumladan, Qonunning 39-moddasiga asosan, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari soliq bo'yicha imtiyozlardan Soliq kodeksida belgilangan tartibda foydalanishi qayd etilgan.

    O'tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari shu kabi imtiyozlar saqlanib qoladimi yoki yo'qmi, deb bezovta bo'lib, mutasaddi idoralarga murojaatlar bilan chiqqan edi.

    —O'zbekiston Prezidentining shu yil 14-sentyabr kuni investorlarning huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash maqsadida qabul qilingan “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida bu masalaga to'la oydinlik kiritildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdig'ani Umirov.— Qarorga muvofiq, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini pandemiya davrida yanada qo'llab-quvvatlash maqsadida ularga soliq to'lovlaridan oldin berilgan ayrim imtiyozlar muddati uzaytirilmoqda hamda ular faoliyati uchun bir qator engilliklar ham ko'zda tutilmoqda.

    Birinchidan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda solig'i bo'yicha imtiyozlar bekor qilingan edi. Endilikda esa 2020-yil 1-oktyabrga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari ruyxatiga kiritilgan ishtirokchilar uchun, ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda, reestrga kiritilgan sanadan boshlab 3 yildan 10 yilgacha bo'lgan muddatlarda ushbu imtiyoz to'liq qo'llaniladi. Shu maqsadda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda foyda solig'i bo'yicha imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

    Ikkinchidan, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga 2021-yil 15-sentyabrdan boshlab mahsulot ishlab chiqarishda va o'z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilganda qo'shilgan qiymat solig'i va bojxona bojini foizlar hisoblanmagan holda 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo'lib-bo'lib) to'lash huquqi berilmoqda.

    Uchinchidan, maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga ortiqcha qo'shilgan qiymat solig'i summasini yetti kun ichida qoplab berish tartibiga qat'iy amal qilinishi nazarda tutilmoqda. Bunday tartib tadbirkorlarga bir yilda o'rtacha 350 milliard so'm qo'shilgan qiymat solig'ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag'larini ko'paytirish imkoniyatini yaratadi.

    Xulosa o'rnida aytganda, mazkur qarorda ko'zda tutilgan imtiyozlar avvalo tadbirkorlarimizga, investorlarga faoliyat olib borishlari zarur bo'lgan moliyaviy resurslaridan unumli foydalanishlariga va ular tomonidan raqobatdosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishlariga keng imkoniyatlar yaratishi bilan yanada ahamiyatlidir.

    Abdurauf QORJOVOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri