Osmonga qarab, yulduzlarni tomosha qilgan boʻlibdi. Soʻng asta kelib qayigʻiga oʻtiribdi-da, tevarak-atrofni yana bir qur koʻzdan kechirgach, ikki yondagi eshkaklarni qoʻlga olibdi. Ha, hammasi yozilganidek aniq-tiniq koʻrindi menga.

Chol ohista eshkak esha boshlabdi. Avvaliga sustroq, bir maromda, keyin esa navqiron bir gʻayrat bilan. Shamol uvillashiyu chiyaboʻrilarning chiyillashi nogahon suv shovqiniga — mavjlanayotgan toʻlqinlar sasiga qorishib ketibdi. Shalop-shulup, shalop-shulup… Oy yogʻdusida charx urayotgan dengiz qushlari — chagʻalay va oqchorloqlarning suvga toʻsh urib uchishi, kumush qanotlari nimqorongʻida yalt-yult akslanib koʻzga chalinadi. Chol bir zamon eshkak eshishdan tinib, suv tegmaganiga ming yillar boʻlgan qayiq ichidan uzun allanimani olibdi-yu, uzoqni chamalab uni havoga — “dengiz”ga uloqtiribdi.

“Tanho qayiq”da tasvirlar qanday edi: “Baliqchi kaftlarini quloqpana qilib pastga engashgan — nimadir sasni eshitmoqchi… Sukunat, sukunat… Bir payt qayiq chetida koʻndalang yotgan egma xoda qimirlab ketib, shalop-shulup tovush chiqaradi. “Baliqchi” shosha-pisha xodani “suv”dan koʻtaradi. Naqd tumshugʻidan ilingan laqqa oy yorugʻida bilanglab turibdi!.. Orol bobo uni zavq bilan aylantirib tomosha qilarkan, berganingga shukr, berganingga shukr, Tangrim, deydi shodon”.

Xuddi shunday. Faqat cholning oʻrnida oʻzim edim. Juda uzoq suzibman, bir vaqt orqaga oʻgirilib qarasam, qirgʻoq uzun yashil qiyqaga oʻxshar, uning ortida och zangori tepalar choʻzilib ketgan edi. Suvga uzoq tikildim. Zim-ziyo dengiz qaʼrida planktonlarning qizgʻimtir jilvalari hamda quyosh nurining ajib tovlanishini koʻrardim. Nurning suvdan akslanib chiqayotgan tovlanishi ham xuddi qirgʻoq tarafda osilib turgan bulut avzoyi kabi yaxshi havo boʻlishidan darak berardi. Keyin aloq-chaloq tasvirlar bilan uygʻonib ketdim. Dimogʻimga dengiz hidi urildi…

* * *

Yoʻltanlamas yapon ulovlaridan biriga chiqdik. Mashina shu qadar abgor va eski ediki, u Orol dengizining asov toʻlqinlari shahar etagini yuvib, bandargohda baliqchi kemalar qantarilgan holda turgan zamonlarni koʻrgan boʻlsa, ajabmas. Yoʻl boʻyi ancha yil ilgari kelib ketgan jurnalistlarning fikrlarini ochiq platformalarda oʻqib ketaman. Mana, masalan, biri bunday yozgan: “Men eski, shaloq poyezdda Orolboʻyi choʻllari boʻylab ketyapman. Darcha ortidagi manzara soatlab oʻzgarmaydi: sariq-boʻz chalachoʻl, beton simyogʻochlar, chang bosgan giyohlarni oʻychan kavshayotgan ogʻirkarvon tuyalar. Kamina Qiziloʻrdadan otlanib, bir zamonlar bahaybatligi uchun dengiz nomini olgan koʻl sohilida boʻlgan Orol shahriga boryapman…”. Tagʻin boshqasi yozgan: “Orolning qurigan tubida yiliga 90 kundan ortiq davr mobaynida boʻron turadi hamda 100 million tonnadan ortiq chang va zaharli tuzni atmosferaga koʻtarib, minglab kilometrga yoyib yuboradi. Hatto uning namunalari Antarktida sohillari, Grenlandiya muzliklari, Norvegiya oʻrmonlari va Yer sayyorasining koʻplab boshqa nuqtalarida topilmoqda…”. Oʻqiyman-u, darhol tashqaridagi bugungi vaziyat bilan solishtiraman. Toʻgʻri, tashqarida qotib qolgan toʻlqinlarni eslatuvchi qum barxanlari uzra millionlab mayda chigʻanoqlar qirsillaydi, shamol vahimali gʻuvillaydi. Bir paytlar turgan joyimizda 60 metr balandlikdagi suv boʻlganini oʻylab xoʻrsinamiz. Biroq toʻrt tomonimizni oʻrayotgan hadsiz yashil toʻqayzorlarni koʻrib, ushbu zaminga tiriklik yangi shaklda qaytayotganini anglaymiz.

* * *

Orol dengizi yoʻq boʻlib ketishi natijasida bugun millionlab gektar maydonda Orolqum shoʻr choʻli yastanib yotibdi. Ushbu maydon zaif ekologik tizim boʻlib, atrof-muhitga ham, mahalliy aholining sogʻligʻiga ham tahdid soladi. Orol dengizi qurib ketishining salbiy oqibatlarini yumshatish, mintaqa aholisining turmush sharoiti va sifatini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. 2021-yil 18-mayda Prezidentimiz taklifi bilan BMT Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Keyinchalik, 2022-yil yanvarda Oʻzbekiston hukumati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha kompleks “yoʻl xaritasi”ni qabul qildi. Shuningdek, 2018-yilda Orol dengizining qurib qolgan qismida oʻrmonlar barpo etish dasturi boshlangan boʻlib, bugun dengizning qurigan maydoni millionlab tup saksovul bilan qoplangan. Shu bilan birga, keyingi barqaror chora-tadbirlarga asos qoʻyish uchun ekologik ofat zonasining hozirgi holati va u yerda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida ilmiy maʼlumotlarga asoslangan toʻliq tushunchaga ega boʻlish maqsadida qurigan dengiz tubida monitoringlar boshlandi. Tuproqni baholash va tasniflash ishlari bajarildi. Tuproq xaritasi tuzildi. Tuz va chang tarqalishi mumkin boʻlgan hududlar aniqlandi. Tuproq qoplamining hosil boʻlish sharoiti va yoʻnalishi belgilandi.

Orol dengizining qurib qolgan hududlarida koʻchma qum va shoʻrxok yerlarni mustahkamlash maqsadida istiqbolli oʻsimlik turlarini ekish orqali ekotizim va yerlarning rekultivatsiyasini yaxshilash uchun fitomelioratsiya ishlarini bajarishga doir yondashuvlar ishlab chiqildi.

— Choʻllanishning oldini olishda saksovulzorlarni kengaytirishning ahamiyati katta, — deydi Moʻynoq davlat oʻrmon xoʻjaligi rahbari Alisher Bekmurodov. — Orolboʻyi hududida barpo etilgan 2 yillik saksovulzorda shamol taʼsirida qum koʻchishi 20 foiz, 5 yilligida 80 foiz, 7 yillik saksovulzorda esa toʻliq toʻxtaydi. Natijada Orolboʻyi mintaqasida iqlim moʻtadillashadi, aholining yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorligi taʼminlanadi. Birgina saksovulning atrof-muhit musaffoligini taʼminlashdagi xizmati juda katta. Bir gektar maydondagi toʻrt yillik saksovulzor 1158 kub metr kislorod ajratib chiqaradi.

1960-yillargacha Orol dunyodagi toʻrtinchi yirik koʻl edi. Uning maydoni 69 ming kvadrat kilometr boʻlib, Amudaryo va ­Sirdaryo suvi hisobiga toʻyinardi. Dengiz baliqchilik va kemachilik bilan shugʻullanadigan oʻn minglab odam uchun tirikchilik manbai edi. Biroq XX asrning oʻrtalarida, qishloq xoʻjaligi maydonlarini sugʻorish uchun daryolardan katta hajmda suv olish boshlanganidan soʻng Orol sayozlasha boshladi. 1989-yilga kelib, u shimoliy va janubiy qismlarga ajraldi.

2014-yili Orol maydoni dastlabki hajmiga nisbatan 10 foizgacha qisqardi. Suv havzasi oʻrnida 6,2 million gektardan ortiq maydonni egallagan Orolqum choʻli paydo boʻldi.

Bu falokat baliqchilik sanoati va portlarning vayron boʻlishiga olib keldi, minglab odam ishsiz qoldi. Eng katta xavf esa qurigan tubdan havoga koʻtarilayotgan tuz va chang boʻroni boʻlib, ular zaharli zarrachalarni yuzlab kilometrga tarqatib, atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazdi.

Mintaqaning rivojlanishi faqat koʻkalamzorlashtirish bilan cheklanmaydi. Turizm Orolboʻyidagi istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Orol dengizining noyob manzaralari va boy tarixi nafaqat Oʻzbekistonning turli hududlaridan, balki xorijdan ham say­yohlarni oʻziga jalb qilmoqda. Bundan tashqari, mintaqada anʼanaviy faoliyat turlari ham rivojlanmoqda. Jumladan, oqsil qoʻshimchalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan artemiya olish, shuningdek, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida keng qoʻllanadigan qizilmiya tayyorlash ishlari kengaydi.

Bu kabi loyihalar Orolboʻyi hududining iqtisodiy tiklanishiga turtki berayotir. Eng muhimi, bu yerda yashovchi aholiga yangi ish oʻrinlari ochilib, bir vaqtlar dengiz bilan tirik boʻlgan yurtdan odamlar koʻchib ketmay, aksincha, u yerda yashash va qolishga umid uygʻotdi.

* * *

Moʻynoqdagi “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari tadbirida bir ayol shu yaqin atrofda soʻnggi baliqchi istiqomat qilishini, biroq hozir bir oz tobi yoʻqligini aytdi. Tadbir davomida uning qizi “Orol baliqchisi” bosh muharriri Saypjamal opa ekanini bilib oldim. Olomon siyraklashgach, oldiga bordim. Uning gaplarini tinglarkanman, eng oxirgi boʻlish kayfiyatini tushungim, eshitgan quloqqa erish tuyular, oʻz tanimda his qilib koʻrgim kelardi. Boisi, vaqt va makon oraligʻidagi muallaq bir holat — oxirgi boʻlish hissi chekingan dengizning ulugʻvorligini tushunishimga koʻmaklashardi.

— Orol dengizi soʻnggi oʻn yilliklar davomida Moʻynoqdan 140 kilometr uzoqlashdi va endi shahar dengizsiz hayot tarziga moslashdi, — deydi Saypjamal Shaddinova. — Bu yerlarda dengiz boʻlganini faqat zanglagan kemalar, Orolning eski xaritalari va saqlanib qolgan langar eslatadi. Bir paytlar bu yerda suv shaloplab, qayiq motorlari taraqlab, baliqchilar toʻr tortganiga ishonish qiyin. Otam — Ali Shaddinovning aytishicha, havo baliq hidi bilan toʻlib, kema sirenalarining tovushi shahar boʻylab yangragan ekan. Qoraqalpoq yozuvchisi Asan Begimovning “Baliqchining qizi” romani Orol dengizi atrofida yashovchi baliqchining qizi Oyqiz va uning sevgilisi Doʻstbergen haqida yozilgan. Doʻstbergen Orol dengizida poʻrtanalar bilan olishib baliq ovlaganida:

Sazanning shoʻrvasin ichsangiz boldek,

Aq marqaning har biri qoʻydek.

Dengizda ilaqa suzadi oydek,

Bekire kesmasi belingga darmon.

Yeganning koʻnglida qolmaydi armon,

deb qoʻshiq kuylaydi. Bu qoʻshiqdagi oq marqa, bekire kabi baliq turlari hozir yoʻq boʻlib ketgan. Romandagi mana shu satrlarni oʻqiganimda, Orolning men koʻrmagan toʻlqinlarini sogʻinaman.

Otamning aytishicha, moʻynoqlik ayollarning koʻpi Orol baliqni qayta ishlash zavodida ishlagan. Katta zavod boʻlgan. Butun shahar shu korxona tufayli bunyod qilingan. Orol toʻla boʻlgan yillari baliq zavodida salkam 3000 kishi ishlagan ekan. Dengizdan suv qochgach, bu korxonalarning barchasi yopilib ketdi…

Bugun oʻsha zamon shiddatidan ortda qolgandek tuyulgan “oraliq hudud”ga boqsangiz, tabiat va inson irodasining butunlay yangi manzarasiga guvoh boʻlasiz. Orolqum bugun “yashil qalqon” — Oroltoʻqayga aylanmoqda. Tuzli toʻzonlar yoʻlini toʻsayotgan saksovulzorlar, jingʻilzorlar tabiatning yangi hayot shakliga doʻnayotganidan darak beradi. Bu ulkan evrilishlar fonida Moʻynoqning oʻzida ham misli koʻrilmagan katta ishlar bajarildi. Shaharga yangi sanoat tarmoqlari kirib keldi. Obod boʻlayotgan mahallalardagi odamlarda ertangi kunga ishonch paydo boʻldi. Bilsangiz, ishonch biz uchun dengiz qadar katta tushuncha.

Vaqtida bu had-hududsiz choʻldan bosh olib ketish payida boʻlgan, kelajagini faqat koʻchishda koʻrgan odamlarning koʻnglida otamakonga bogʻlanish tuygʻusi qayta uygʻondi. Ular ortga chekinishda davom etayotgan dengiz fojiasi bilan birga oyoq ostida qayta tirilayotgan tuproqning imkoniyatini, xususiyatini koʻra boshladi. Zero, Orolning taqdiri faqat yoʻqotish va yoʻqolishdan iborat emas, balki yangicha yashash, kurashish va gʻolib chiqish ekanini mana shu zamin odamlari oʻz hayoti misolida isbotlamoqda. Bunday iroda va matonat esa, shubhasiz, qoraqalpoqlarning qon-qoniga singib ketgan tarixiy xarakter mahsulidir.

Xalqimizning feʼl-atvori, urf-odatlari, dunyoqarashi haqida teranroq boʻylab, oʻzimcha mushohada qilib koʻraman. Xalqimiz tarix oʻyinlarida sarsari koptokdek dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga, u makondan bu makonga koʻp badargʻa boʻlgan. Bobolarimiz davrlar toʻfonlarida goh ummonlar qaʼriga choʻkib, goh yana yuzaga qalqib chiqib, har gal omon qolib yashayvergan. Qoraqalpoq tarixi — yarim koʻchmanchi, mabodo qoʻnim topgudek boʻlsa, mehnatdan boʻyin tovlamaydigan dehqonning tarixi, saraton otashida kuyib, togʻ-toshlarda tovoni tilinib mol haydagan choʻponning tarixi. Bu xalqning tarixini yozgan harflar — vatandan vatanga darbadar kezgan paytlarida qoʻnoq joylarda qolgan oʻchoqlar, uning oʻz tarixini yozgan qalamlari — yangi makonini gullatib-yashnatish umidida yer haydagan omoch-boʻyinturuqlari. Bu xalqning feʼl-atvoridagi allanechuk olazaraklik — qoʻsh haydaganda bir koʻzi omochida, ikkinchi koʻzi ortida, qoʻnsa — bir koʻzi uyquda, ikkinchisi notinch yotganining natijasi.

Odamzodning bosib oʻtgan yoʻli, koʻrgan-bilganlari, hayotiy tajribalari bir-birining davomiga, yagona ummonga kelib quyiluvchi daryoning har xil irmoqlariga oʻxshaydi. Ayni paytda har birining qismati oʻxshash, shuningdek, biri ikkinchisini yorqinroq koʻrsatuvchi turfa ranglardan iborat kamalakni eslatadi. Agar insoniyat tarixini bepoyon ummonga qiyoslasak, unga kelib quyiluvchi ­daryoyu irmoqlaridan birida, garchi koʻzga yaqqol tashlanavermasa-da, harqalay xalqimning ham nomi borligi odamni quvontiradi.

 

* * *

…Dengiz shunday nafas oladi. Dengiz va qirgʻoqning qizgʻin toʻqnashuvidan hamisha pagʻa-pagʻa hovur koʻtarilib turadi.

Quyosh ikki terak boʻyi koʻtarilganda bir qayiq dengizga tushdi. Unda ikki baliqchi bilan bolakay bor edi. Ovchilardan biri yosh, norgʻul yigit yakka oʻzi eshkak eshib borardi. Qayiq quyrugʻida yuzi qoʻngʻir tus olgan, qotma, kekirdagi turtib chiqqan, manglayi va ayniqsa, boʻynini taram-taram ajin bosgan, kaftlari ham yirik, suyakdor panja boʻgʻinlari yongʻoqday shishib chiqqan keksa ovchi qayiqni boshqarib borardi. Qoraygan yuzida oqish qoshlari koʻzga aniq tashlanardi. Cholning yoshlanib, qizargan koʻzlari odatdagiday qisilgan — umr boʻyi quyosh nuri tushib koʻzni qamashtiruvchi suv yuziga qarayverib oʻrganib qolgan, u qayiqni goʻyo koʻr-koʻrona haydayotganga oʻxshardi. Qayiqning narigi tumshugʻida oʻn toʻrt yoshlardagi koʻkkoʻz bola choʻnqayib oʻtirib olgan: ora-sira kattalarga shoshib qarab qoʻyar, joni ichiga sigʻmay oʻzini zoʻrgʻa tutib oʻtirar, dengizga ilk bor chiqayotganini tipirchilab bildirishdan oʻzini tiyib turardi…

 

* * *

Toʻrtinchi kuni qayiq ortga qaytdi. Bola toʻyda yurganday diqqatini yigʻolmas, butun vujudi, fikru zikri sodir boʻlgan oʻzgacha taassurotlar bilan toʻlib-toshgan edi. Suv sathini har lahzada ming tusga — nimrang binafshadan qora-koʻkishgacha, qora-koʻkishdan to qayiq koʻlankasidagi timqora tusgacha tovlanayotgan toʻlqinlarning tinimsiz jimirlashi bolaning diqqatini oʻziga jalb etardi, toʻsatdan qayiq yonida paydo boʻlib qolgan, har narsaga qiziquvchan baliqlarni koʻrib, ichiga sigʻmay sevinardi. Oyoq ostidagi narsalarni — teriga oʻralgan ikkita nayza, arqon oʻrami, suvli bochka, oziq-ovqat solingan toʻrva, yana qandaydir tugun va kiyim-kechaklarni bosib, qayiqning quyrugʻiga oʻtarkan, tipirchilayotgan ulkan baliqni qarichlab koʻrdi…

* * *

Bola derazadan koʻrinayotgan daraxtning osmonga tutashib ketgan yuqori qismidagi barglari sargʻaya boshlaganini payqadi. Shoxda barglar qator tizilgan va bolaga yaqin boʻlgani uchun osmonni tilimlab turgan dastasiz xanjarga, barglari esa osmon sahnida ulkan moviy koʻlga bir-birining tumshugʻidan bogʻlab, qator terib qoʻyilgan kichkina qayiqchalarga oʻxshardi. Bola barglarning qayiqchalarga oʻxshashini kashf etganidan xursand boʻlib ketdi. Ularning xuddi dengiz toʻlqinida sollanib turgan qayiqlardek tebranib turganini va osmonning juda ham moviy, daraxtlarning sukutda ekani bir zum juda noyob goʻzallikday boʻlib tuyuldi.

Hozir bolaning qulogʻiga nariroqdagi katta yoʻldan mashinalarning guvillagancha oʻtib borayotgani ham, mol-qoʻylarning maʼrashi ham, tengqurlarining shovqini ham kirmasdi: u hozir mana shu noyob goʻzallikni butun ongiga, shuuriga singdirmoqchidek, qayiqsimon barglar shitirigagina butun eʼtiborini jalb etgan va tinmay oʻz-oʻziga shivirlardi: “YASHIL OROL!”.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri