J.P.Morgan: Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 8,1 foizga oʻsishi kutilmoqda

    Moliya 8 Iyul 2021 962

    “J.P. Morgan” investitsiya banki 2021-yilning 21-iyunida Oʻzbekiston Respublikasiga bagʻishlangan “Uzbekistan: Soumʻer Solstice” (“Oʻzbekistonning quyosh kabi koʻtarilishi”) nomli tahliliy hisobotini eʼlon qildi.

    Unga koʻra, Oʻzbekiston soʻnggi 20 yil ichida Oʻrta Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEEMEA) mamlakatlari orasida yuqori va barqaror oʻsish surʼatiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biri boʻlgan.

    Xususan, respublika iqtisodiyoti soʻnggi oʻn yil mobaynida yiliga oʻrtacha 6 foizga oʻsib borgan va bu bilan koʻpgina mamlakatlarning “havasi”ga sazovor boʻlgan.

    Ulkan islohotlar rejasi kelgusida soʻnggi yillardagidek yoki undan ham yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi.

    “J.P. Morgan”ga koʻra, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda islohotlar jadallashuviga erishilgan, ushbu islohotlar mamlakatning iqtisodiy oʻsish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston bozorlarni erkinlashtirish, keng koʻlamli xususiylashtirish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish kabi islohotlar ostonasida turibdi. Bunda xalqaro moliya institutlari koʻmagidan keng foydalanilmoqda.

    Davlat korxonalari islohotiga toʻxtalar ekan, “J.P. Morgan” xususiylashtirish iqtisodiy naf olib kelishini, biroq,

    u xatarlardan xoli emasligini taʼkidlamoqda. Bunga Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining 1990-yillardagi tajribasi misol qilib keltirilgan.

    Shu sababdan, Oʻzbekiston Hukumati davlat korxonalarini qay tarzda xususiylashtirishi muhimligi aytilmoqda.

    Hisobotga koʻra, Oʻzbekiston 2020-yilda iqtisodiy inqirozga qaramay 1,6 foiz oʻsishni taʼminlay olgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 8,1 foiz, 2022-yilda

    6,3 foiz oʻsishga erishadi (“J.P. Morgan” prognozi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro moliya tashkilotlar prognozlaridan yuqori).

    Hisobotda aytilishicha, 2021-yilgi iqtisodiy oʻsishga asosan qurilish va sanoat tarmoqlari hissa qoʻshadi.

    “J.P. Morgan”ning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston fiskal siyosatdan iqtisodiyotni boshqarishning asosiy vositasi oʻlaroq foydalanadi. Hukumat 2020-yilda konservativ fiskal siyosatni amalga oshirdi (umumiy fiskal taqchillik avval prognoz qilingan YAIMning 7 foizi oʻrniga YAIMning 4,4 foiziga teng boʻldi).

    Hisobotga koʻra, 2016-yildan keyin davlat qarzi tez surʼatlar bilan oʻsishi kuzatilsada, Byudjet qonuni bilan davlat qarzining eng yuqori miqdori (YAIMga nisbatan 60 foiz) belgilanligi va davlat qarzining 60 foizga yetishi ehtimoli pastligi qayd etilgan.

    Kengayib borayotgan joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining asosiy sababi oʻlaroq iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar hamda Oʻzbekistonning “dunyoga ochilayotganligi” koʻrsatilmoqda.

    “J.P. Morgan” prognozlariga koʻra, oltin narxi 2022-yilga borib 1 350 dollargacha tushishi mumkin. Shu sababdan, Oʻzbekiston joriy operatsiyalari hisobi taqchilligi 2021-yilda YAIMga nisbatan 4,5 foizni, 2022-yilda YAIMga nisbatan 8,5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

    “J.P. Morgan”ning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston suveren xalqaro obligatsiyalari narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanayotganini aks ettiradi. Xususan, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar investorlar “ishtahasi”ga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Biroq, ichki kapital bozori koʻlami kengaytirish, daromadlilik egri chizigʻini uzaytirish zarurati va norezidentlar uchun mavjud cheklovlar ham qayd etilgan boʻlib, 2022-yildan ichki kapital bozorida oʻzgarish kutilayotgani taʼkidlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6207-sonli Farmoni bilan kapital bozorini, shu jumladan davlat qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.