Bugungi kunga qadar dunyoda koronavirusga qarshi 200 dan ortiq vaksina yaratilgan, ulardan oltitasi klinik sinovlarning ilgʻor bosqichlarida. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Aspen xavfsizlik forumida maʼlum qildi.

Shu bilan birga, vaksinalar bilan bogʻliq ishlarning hozirgi holati haqida izoh berarkan, tashkilot rahbari oʻzini tutib gapirdi.

“Umid bor, ammo biz klinik tadqiqotlar natijalarini olmagunimizcha, bizda vaksina bor deb, ayta olmaymiz”, dedi Tedros Adxanom Gebreyesus.

Shuningdek, u muhim vazifa nafaqat vaksinani rivojlantirishni jadallashtirish, balki uning barchaga teng imkoniyat yaratilgan holatda adolatli taqsimlanishini taʼminlashdan iboratligini taʼkidladi.

“Buni amalga oshirish uchun ayniqsa, emlashni global bozor uchun mahsulot sifatida tushunish zarur. Bu siyosiy qaror va biz siyosiy rahbarlarning shunday qaror qabul qilishini istaymiz. Vaksina masalasida millatchilik yomon va bu bizga yordam bermaydi” — deb eʼlon qildi u.

JSSTning Sogʻliqni saqlash boʻyicha favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan 165 ta nomzod vaksina sinovning u yoki bu bosqichida ekanligini aytdi.

“Oltita nomzod vaksina sinovlarning ilgʻor bosqichida. Bular uchtasi Xitoydan, biri Oksfordda, AstraZeneca kompaniyasida ishlab chiqarilgan, shuningdek, Amerikaning Moderna va Pfizer” kompaniyalari ishlanmalaridir, dedi Rayan.

Unga koʻra, gap sinovning keng aholi ishtirokidagi uchinchi bosqichi haqida ketmoqda. “Bu faqat boshlanish”, deya taʼkidladi u.