Pandemiya qachon tugashini hozircha aniq bilmaymiz. Ammo soʻnggi kunlarda dunyo boʻyicha koronavirusga chalinish koʻrsatkichlari sezilarli darajada kamaya boshlagani ijobiy holat. Shunga qaramay, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutasaddilari hamon xavotirda. Xususan, tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning fikricha, pandemiya qancha uzoq davom etsa, uning oqibatlari shuncha jiddiy boʻladi.

“Bunday vaziyatda JSST tomonidan qoʻyilgan maqsadga erishish muhim, — deydi T.Gebreyesus. — Yaʼni joriy yil oʻrtalariga qadar dunyo aholisining kamida 70 foizi toʻliq bosqichda emlanishi lozim”. Biroq hozirgi kunda ushbu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 42 foizni tashkil etmoqda. Afrika mamlakatlarida esa 25 foizga ham yetmaydi.

JSST yetakchi epidemiologi Mariya van Kerxove ham bu borada oʻz xulosalarini aytdi. Uning taʼkidlashicha, soʻnggi toʻrt hafta ichida dunyo boʻyicha koronavirus tufayli oʻlimlar soni keskin oshgan.

“Hozircha “omikron” shtammining toʻrtta mutatsiyasi bizga maʼlum, — deydi mutaxassis. — Yaʼni virusning VA.1, VA.1.1, VA.2 va VA.3 turlari kuzatilyapti. Ular orasida VA.2. eng yuqumlisi deb baholanmoqda".

Ekspertning soʻzlariga koʻra, COVID-19 ga qarshi emlanish kasallikdan himoyalanishning eng ishonchli usulidir. Shu sababli JSST va uning hamkorlari imkon qadar koʻproq aholi qatlamini vaksinalar bilan taʼminlash choralarini koʻryapti.

“Ammo bu yetarli emas, — deb qoʻshimcha qiladi Mariya van Kerxove. — Bemorlar hayotini saqlab qolish — bosh maqsadimiz. Buning uchun nafaqat vaksinalar, balki koronavirusga qarshi barcha vositalardan samarali foydalanishimiz kerak. Xastalik tarqalishiga chek qoʻya olsakkina, yangi shtammlar paydo boʻlish xavfi kamayishi mumkin”, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.