Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), mumkin boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari tufayli COVID-19 tarqalishini toʻxtatish uchun davlatlarni qayta karantindan voz kechishga chaqirmoqda. Bu haqda The Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida JSSTning favqulodda kasalliklar boʻlimining rahbari, epidemiolog Mariya Van Kerkxove maʼlum qildi.
JSST vakilining soʻzlariga koʻra, karantin “koronavirus” tarqalishining oldini olish vositasi sifatida “mahalliylashtirilgan strategiyalar” bilan almashtirilishi kerak.
Shu bilan birga, epidemiolog tomonidan, mart oyi oxirida 100 dan ortiq mamlakatlarda joriy qilingan karantin koronavirus bilan kurashish uchun zarur boʻlgan sogʻliqni saqlash infratuzilmasini yaratish uchun vaqtdan yutgan chora sifatida koʻrildi.
Shunga qaramay, Kerkxove karantinning iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy xarajatlari “ulkan” ekanligini taʼkidladi.
“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti karantin joriy etishni tavsiya etmaydi, ammo shu kabi chorani kasallikning tarqalish tezligi tufayli bir qator mamlakatlarda qoʻllash kerak. Ammo, biz umid qilamizki, mamlakatlar uni qaytadan kiritishi shart emas”, - deya uning soʻzlarini keltiradi InoTV.
Mutaxassis, shuningdek, keyingi olti oy ichida “xavfsiz va samarali” vaksina yaratilishiga umid qilmaslik kerak degan fikrni bildirdi. Buning oʻrniga Kerkxove davlatlarni yangi avj olgan holatlarda “moslashtirilgan, cheklangan, mahalliylashtirilgan” yondashuvni qoʻllash uchun mavjud vositalardan foydalanishga chaqirdi.
“Bu yoʻnalishdagi ilmiy ishlarning tezligi noodatiy edi ... endi bizda kasallikning yuqishini oldini olish va hayotni saqlab qolish uchun vositalar mavjud”, dedi epidemiolog. U kontaktlarni qidirish, keng koʻlamli sinovlar, tibbiy muassasalarni jihozlash, ijtimoiy masofa va niqob taqish kabi choralarni aytib oʻtdi.
Kerkxove ushbu choralarning barchasini birgalikda ishlatish kerakligini taʼkidladi. Bu hukumatlarga oʻz mamlakatlarida koronavirus tarqalishini nazorat qilishga yordam beradi.