Uning qayd etishicha, vahimaga berilishga hojat yoʻq. Mpox epidemiyasini toʻxtatish imkoni bor. Buning uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilishi kerak. Infeksiya oʻchoqlari aniqlangan va virus tarqalishi xavfi yuqori hududlarda vaksinalar taʼminotini oshirish lozim.
“Maymun chechagi koronavirus darajasidagi oʻta jiddiy muammo emas, — deydi Xans Klyuge. — Biz mpox virusi bilan qanday kurashishni bilamiz”.
Bayonotga koʻra, iyun oyi oxiriga kelib, jami 116 mamlakat, jumladan, Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya va Ruandada kasallanish holatlari qayd etilgan.
Hozir qator davlatlarda virusning “Clade Ib” deb nomlangan yangi shtammi tarqalyapti. Ushbu mutatsiya Kongo Demokratik Respublikasida 500 kishining oʻlimiga sabab boʻldi. Avgust oyi boshida Shvetsiyada ham maymun chechagining xuddi shu turini yuqtirgan bemorlar roʻyxatga olindi.
Britaniyalik olimlar fikricha, “Clade Ib” mutatsiyasi boshqa shtammlarga qaraganda yuqumliroq va nisbatan ogʻirroq asoratlarni keltirib chiqaryapti.
Shunga qaramay, X. Klyuge mpox virusining har qanday shtammini tegishli epidemiologik chora-tadbirlar hamda xastalikka qarshi vaksinalar orqali nazorat qilish va jilovlash mumkin, degan xulosada.