Kanserogenlar saraton kasalliklari rivojlanish xavfini oshiruvchi moddalardir. Ular baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari, konservantlar, aromatizatorlar, politsiklik uglevodorodlar, azoboʻyoqlar, nitrozaminlar, ogʻir metall tuzlari, alkaloidlar tarkibida koʻp uchraydi.
Endi ushbu roʻyxat yanada kengaydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti huzuridagi Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) talk kukunini potensial kanserogen moddalar roʻyxatiga kiritdi.
Buning uchun 13 mamlakatdan jalb etilgan 29 nafar ekspertdan iborat ishchi guruh oʻrganishlar olib bordi. Mazkur jarayonda talk kukunidan foydalangan ayollarda tuxumdon saratoni bilan kasallanish holatlari koʻpaygani hisobga olindi.
Qolaversa, sellyuloza-qogʻoz sanoatida xotin-qizlarning talk bilan taʼsirlanishiga qaratilgan tadqiqotlar natijalari ham tahlil qilib chiqildi. Shu tariqa bu mineral 2A xavf guruhiga mansub, deb tasniflandi.
Oʻz navbatida, talk kukuni bilan ishlov berilgan tajriba kalamushlarida xavfli oʻsmalar rivojlanishi qayd etilgan izlanishlar xulosalari inobatga olindi.
Eslatib oʻtamiz, talk yer ostidan qazib olinadigan tabiiy mineral boʻlib, koʻpincha bolalar kukuni tayyorlashda qoʻllaniladi.