Kadastr agentligi: 18 mingdan ortiq koʻchmas mulkka egalik huquqi eʼtirof etildi — xatlov ishlari davom etmoqda

    Bundan bir yil muqaddam “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, ayni noyabr oyida kuchga kirgan edi.

    Shu kunlarda Qonun kuchga kirganiga bir yil toʻldi va oʻtgan davr mobaynida xatlov ishlari olib borilib, fuqarolarga egalik huquqlari eʼtirof etilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, xatlov jarayonlariga 4,5 ming nafar kadastr muhandislari jalb qilingan boʻlib, ular reja-grafik asosida sovuqni sovuq, issiqni issiq demasdan jarayonlarni doimiy olib bormoqda.

    Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida ana shunga bevosita guvoh boʻldik.

    — Hozirda 4 335 ta mahalla chegaralariga aniqlik kiritilgan boʻlib, 2026-yilda rejaga koʻra 9 452 ta mahalla chegarasini belgilash toʻliq yakunlanadi, — deydi Kadastr agentligi direktori oʻrinbosari Mirsaid Mirmaqsudov. — Bugungi kunga qadar 845 096 ta obyekt xatlovdan oʻtkazilib, qonun doirasida oʻrganilishi lozim boʻlgan 254 865 ta obyekt vakolatli tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun kiritildi. Shundan 18 682 ta obyektga xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari bilan huquqlar eʼtirof etildi.

    Xatlov jarayonlari besh bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich mahallalar chegarasini aniqlashdan iborat. Bugunga qadar 2 874 mahalla chegaralanib, “UZKAD” tizimiga kiritildi. Ikkinchi bosqich koʻchmas mulklarni xatlovdan oʻtkazish jarayoni boʻlib, har bir obyekt boʻyicha yigʻma jildlar tuzilib, ishlar “Xatlov” axborot tizimida yuritilmoqda. Uchinchi — “UZKAD” tizimiga migratsiya bosqichida esa obyektlar “Xatlov”dan “UZKAD” tizimiga oʻtkaziladi. Toʻrtinchi bosqichda obyektlar “UZKAD” tizimida faollashtiriladi. Soʻnggi — beshinchi bosqichda ijobiy xulosa berilgan obyektlarga egalik huquqi eʼtirof etiladi.

    Jurnalistlar xatlov jarayoni bilan tanishar ekan, fuqarolar Kadastr muhandislarini mamnuniyat bilan kutib olayotgani, uy hujjatlarini olib chiqib, hujjatsiz qismiga egalik huquqini olib berishni uzoq yillardan buyon kutayotganlarini aytishdi.

    — 20-yildan beri shu xonadonda istiqomat qilaman. Oʻn bir sotix yerimiz bor, ammo shundan bir sotixining kadastr hujjati yoʻq, — mahalla fuqarosi dedi Zubayda Ismoilova. — Uy turmush oʻrtogʻimning nomlarida. Shu bir sotix yerning hujjati yoʻqligi ham bizga muammo tugʻdirib kelardi. Hujjat ishlarida doim shu masala oʻrtaga chiqardi. Hujjatni qilish uchun bormagan joyimiz qolmadi, lekin imkoni boʻlmadi. Shu bois, kadastrchilarni koʻrib xursand boʻlib ketdik. Mana shu bir sotix yerimizning ham kadastr hujjatini olsak juda yaxshi boʻlardi.

    Ayni paytda oʻzboshimcha qurilgan uy-joylarga huquqlarni eʼtirof etish ishlari raqamlashtirilgan. “Xatlov” va “Eʼtirof” tizimlari 23 ta davlat tashkilotiga integratsiya qilingan. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil 4-noyabr holatiga koʻra, huquqlari eʼtirof etilgan 18 682 nafardan oshiq koʻchmas mulk egalarining 1 478 nafarigina mulklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza topshirgan.

    Press-tur davomida masʼullar bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu kabi maʼlumotlar berildi. Quvonarlisi, anjuman doirasida Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan 4 nafar fuqaroning koʻchmas mulk obyektiga egalik huquqi rasman, tantanali tarzda topshirildi. Ularning orasida qirq yoshiga qadar oʻz uyida begonadek, yaʼni kadastr hujjatisiz yashab kelayotganlari ham bor.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri