Bu haqda AOKAda Kadastr agentligi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Shu yilning 5-avgust sanasida Davlatimiz Rahbari tomonidan “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi.
Qonun loyihasi Prezidentimizning 2023-yil 21-noyabrda yer hisobi va kadastr xizmatlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi topshirigʻi asosida ishlab chiqildi. Loyihani tayyorlashda Italiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasi inobatga olindi.
Shuningdek, loyihani tayyorlash jarayonida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan yoʻriqnomalar oʻrganildi.
Oliy sud, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi masʼullari tomonidan birgalikda juda koʻp holatlar oʻrganilib, umumlashtirdi va yer uchastkalarining rasmiylashtirilmagan asosiy 8 ta holati belgilab olindi:
— 2018-yil 1-maygacha yakka tartibdagi uy-joy qurib oʻzboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda koʻrsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarini eʼtirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
— 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqilmagan yer;
— bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
— kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
— davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
— hokim qarori bilan mulk huquqi eʼtirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
Hozirgi kunda “bir martalik aksiya” doirasida hujjatlari rasmiylashtirilishi boshlangan, lekin yakuniga yetmagan 60 mingdan ziyod holat bor. Shuningdek, kichik sanoat zonalarida joylashgan 1 200 nafardan ortiq tadbirkorlarning yerlarini rasmiylashtirish ishlari tugatilmagan. Xuddi shunday, tumanlarda hokim qarori bilan uy-joyga mulk huquqi eʼtirof etilib, yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilanmay qolgan koʻplab holatlar mavjud. Qonunda ana shularning barchasini rasmiylashtirish nazarda tutilgan.
Aslida, “oʻzboshimchalik bilan egallangan”, degan soʻz faqatgina noqonuniy maʼnosini anglatmaydi. Qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “oʻzboshimchalik bilan egallangan” degan taʼrif qoʻllaniladi. Masalan, oʻtgan asrda ajratilgan yerlarning koʻpi shunday holatda, yaʼni qaysidir sabablarga koʻra hujjatlari saqlanmagan. Hozirgi kunda yurtimizdagi 2 400 mingdan ortiq uy-joy shu holatda turibdi. Ularning barchasi tegishli tartibda oʻrganilib, qonuniy yechimlari beriladi.
Eslatib oʻtamiz; Qonun imzolangan vaqtdan boshlab uch oydan keyin, yaʼni 2024-yil 8-noyabr kuni kuchga kiradi. Unga qadar joylarda targʻibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi.