Kaliforniyadagi o'rmon yong'inlari qurbonlari soni 10 nafarga yetdi

    Kaliforniyaning (AQSh) Los-Anjeles okrugidagi o'rmon yong'inlari oqibatida kamida 10 kishi halok bo'ldi. Ularning o'limini sud-tibbiyot ekspertizalari tasdiqladi.

    “Sud-ekspertiza departamenti 9-yanvar soat 21:00 holatiga ko'ra yong'in bilan bog'liq 10 ta o'lim haqida xabar oldi”, deyiladi xabarda. Departament mahalliy huquq-tartibot organlari va o't o'chirish xizmatlari bilan hamkorlikda o'lim holatlarini aniqlash ustida ishlamoqda. Sud-tibbiyot ekspertlari marhumlarning shaxsini aniqlash uchun bir necha hafta vaqt ketishi mumkinligini aytishdi.

    Avvalroq Associated Press agentligi mahalliy hokimiyat organlariga tayanib, yetti kishi halok bo'lgani haqida xabar bergan edi. Los-Anjeles okrugi o't o'chirish departamenti ma'lumotlariga ko'ra, Pasadena chekkasida besh kishi hayotdan ko'z yumgan. Pasifik-Paliseyds hududidagi yong'in oqibatida yana ikki kishi halok bo'ldi, deb xabar beradi tass.ru.