Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta kredit takliflari fuqarolarning mablag‘laridan ayrilishiga sabab bo‘lmoqda. Firibgarlar kam foizli kredit va’da qilib, uni rasmiylashtirish uchun oldindan pul o‘tkazishni talab qiladi. Mablag‘ olinganidan keyin esa kredit ajratilmaydi va fuqarolar bilan aloqa uziladi.
Kosonsoy tumanida aniqlangan holat ham shunday sxema bilan bog‘liq. Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjerida «Mikrokredit» nomli soxta sahifa orqali fuqarolarga kam foizli kredit taklif qilgan. Kreditni rasmiylashtirish bahonasida ulardan bank kartalariga oldindan pul o‘tkazish so‘ralgan.
Taklifga ishon gan fuqarolar pul o‘tkazganidan keyin kredit ololmagan va ular bilan aloqa uzilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha yetkazilgan zarar 250 million so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Gumonlanuvchining aytishicha, u avval ham firibgarlik uchun sudlangan. U qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, fuqarolarning ishonchidan foydalanib olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan.
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi aniqlanib, qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «b» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda.