Bu mablagʻlar isitish mavsumida gaz va elektr energiyasiga xarajatlarni qisman qoplashga yordam beradi. Bir martali kompensatsiya uchun davlat 370 mlrd soʻm yoʻnaltiradi.
Bir martali kompensatsiyalar 1,4 mln muhtoj oilani qamrab oladi. Davlat ularni toʻlash uchun 370 mlrd soʻm ajratdi. Oktyabr oxirigacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Mahalla uyushmasi va hokimliklar ehtiyojmandlar roʻyxatini shakllantiradilar.
Qanday kompensatsiya
Isitish mavsumida (noyabr fevral) kommunal toʻlovlarga xarajatlar ortadi. Ehtiyojmandlarga koʻmak berish uchun, davlat yilda bir marta quyidagilar boʻyicha yordam puli toʻlaydi:
- asosiy roʻyxat boʻyicha. Unga “Yagona ijtimoiy himoya reestri” orqali bolalar nafaqasi va/yoki moddiy yordam oladigan oilalar kiradi (1,2 mln oila);
- qoʻshimcha roʻyxat boʻyicha. Unga boshqa ehtiyojmandlar kiradi (180 ming oila).
Toʻlov gaz va elektr energiyasiga tariflar oshishi oqibatini yumshatishda yordam beradi.
Savol: Agar nogironligi bor bola uchun nafaqa olayotgan boʻlsam, asosiy roʻyxatga kiramanmi?
Javob: Yoʻq. Asosiy roʻyxatga “Yagona ijtimoiy himoya reestri” orqali bola nafaqasi va/yoki moddiy yordam oluvchi oilalar kiradi. Ammo siz qoʻshimcha roʻyxatga kirishingiz mumkin.
Necha pul toʻlanadi?
Kompensatsiya yilda bir marta toʻlanadi. Miqdori – 270 ming soʻm.
Savol: Agar oilam katta boʻlsa va 270 ming yetmasa, nima qilish kerak?
Javob: Bu 270 mingdan tashqari, siz – elektr energiyasi va gaz isteʼmoli ijtimoiy meʼyordan oshganligi uchun boshqa kompensatsiya ham olishingiz mumkin. Bu ikki kompensatsiya sizga isitish mavsumida gaz va elektr uchun toʻlov qilishda yordam beradi. Ikkinchi kompensatsiyani qanday olish toʻgʻrisida keyinroq soʻzlab beramiz.
Agar asosiy roʻyxatga kirsangiz, kompensatsiya qanday olinadi
Agar oila “Yagona ijtimoiy himoya reestri” orqali bolalar nafaqasi va/yoki moddiy yordam oladigan boʻlsa, kompensatsiya avtomatik ravishda oʻsha kartaga tushadi. Hech narsa qilish talab etilmaydi.
Savol: Agar bir uyda “Yagona ijtimoiy himoya reestri”dan bir nechta oila yashaydigan boʻlsa, har bir oila 270 ming soʻm oladimi?
Javob: Ha. Bu kompensatsiya oilaga toʻlanadi.
Savol: Agar men bir necha bolaga nafaqa oladigan boʻlsam, kompensatsiyam koʻproq boʻladimi?
Javob: Yoʻq, kompensatsiya miqdori bolalar/oila aʼzolari soni va boshqa shartlarga bogʻliq emas. Miqdori hamma uchun bir xil – 270 ming soʻm.
Asosiy roʻyxatda boʻlmasangiz, kompensatsiya qanday olinadi?
Bir martali kompensatsiyani qoʻshimcha roʻyxatdagi kam taʼminlanganlar – boquvchisini yoʻqotgan oilalar, yolgʻiz onalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmandlar ham oladilar.
Pul qachon tushadi?
Pul kartaga 2024-yil 27-noyabrdan keyin oʻtkaziladi.
Qanday murojaat qilish mumkin?
Konsultatsiya va munozaralarni hal etish uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tezkor liniyasi ishlamoqda. Qisqa raqam – 1140.
Muhim Eslatib oʻtamiz, bir martali kompensatsiya – davlatdan yagona yordam emas. Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalar yana elektr energiyasi va gaz isteʼmoli ijtimoiy meʼyordan oshganligi uchun ham kompensatsiya oladilar.