Nizomga koʻra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb topilgan oilalar farzandlarining umumtaʼlim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi tegishlicha quyidagi jamgʻarmalar tomonidan qoplab beriladi:

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi;

“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi.

Bunda, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari har yili:

1-avgustgacha maktablarda taʼlim olayotgan kam taʼminlangan oila farzandlarini aniqlaydi;

5-avgustgacha umumtaʼlim muassasalarining kuni uzaytirilgan guruhlarida oʻqish istagida boʻlgan hamda toʻlov toʻlashdan ozod etilmagan kam taʼminlangan oilalar farzandlari roʻyxatini shakllantiradi;

roʻyxatlarni 10-avgustgacha tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Yoshlar ishlari agentligi boʻlimi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining boʻlimi bilan kelishadi va xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Umumtaʼlim muassasasi kengash qarori kelib tushgan kundan 3 kun ichida tegishli oʻquvchilarning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnoma tuzadi.

Shartnomalar bir oʻquv yili uchun tuziladi.

Shunga koʻra, toʻlov har bir bolaga oʻquv yili davomida bir oy uchun BHMning 25 foizigacha (61 250 soʻmgacha) miqdorda qoplab beriladi.