Bugun mamlakatimizda ana shu maqsad oʻlaroq xalq farovonligi, aholi bandligi, fuqarolarning munosib yashash sharoitiga ega boʻlishini taʼminlash asosiy vazifalardan biriga aylangani boisi ham shunda. Bu borada yaqin yillarda yaratilgan va jahonda muqobili topilmaydigan “Mahallabay ishlash” tizimi alohida oʻringa ega. Aholining yashash sharoiti va mavjud muammolari shu tizimning oʻzida oʻrganilib, zarur yechimlar berilyapti. Mahallalar yurtimizdagi deyarli barcha davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar va tegishli korxonalar bilan hamkorlikda ishlab, har bir fuqaro bandligini taʼminlashga intilmoqda. Kam taʼminlangan oilalarga koʻmaklashish, qandaydir sabablar bilan ishsiz qolgan yurtdoshlarimiz bandligini taʼminlash, nafaqat moddiy koʻmak, balki doimiy daromad manbaini yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbari shu yilning 14-iyul kuni Prezidentlik lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham “Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish oʻrinlari ochish, aholi daromadlarini koʻpaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning bandligini oshirish eʼtiborimiz markazida boʻladi”, deya taʼkidlagani bejiz emas. Bunda fuqarolarning ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz keksalarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

Odamlar bandligini taʼminlashning yoʻnalishlari koʻp. Shulardan biri ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarni vaqtinchalik, malaka talab qilmaydigan haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilishdan iborat. Buni amalga oshirilayotgan katta tizimning bir qismi, deyish mumkin. Va soʻnggi yillarda bu yoʻnalish sezilarli tarzda kengayib bormoqda. Chunonchi, malaka talab qilinmaydigan haq toʻlanadigan jamoat ishlari tashkil qilinishi ish topishda qiynalayotgan aholi qatlamlari, xususan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar, ishsiz xotin-qizlar, yoshlar, mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligiga koʻmaklashishda muhim oʻrin tutmoqda. Oylikning oʻz vaqtida berilib, tizimda shaffoflikning yaratilgani esa muhtoj oilalarga koʻmak boʻlyapti, odamlarning jamoat ishlarida qatnashib, daromad topishga ishonchi ortmoqda.

Chunki mehnatiga yarasha haq topmagan yoki tunu kun ishlab, oyligini oʻz vaqtida olmagan insonning ishidan koʻngli soviydi. Ana shunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan jalb qilingan ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarga oylik ish haqlari toʻliq jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirib kelinmoqda. Birgina joriy yilning olti oyida jamgʻarma tomonidan 54,7 milliard soʻm mablagʻ oylik ish haqlari uchun oʻrnatilgan tartibda moliyalashtirib berilgani buning yaqqol misoli.

Tanlov har kimning oʻzida

Jamoat ishlari, deganda koʻpchilik obodonlashtirish yoki shunga oʻxshash ishlarni tushunadi va u yerda ishlashga rozi boʻlmaydiganlar ham yoʻq emas. Ammo bugungi kunda mahalla, tuman, shaharlar kesimida haq toʻlanadigan jamoat ishlari yoʻnalishi, turi ancha kengaymoqda. Mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari, chorvanasl tarmogʻini rivojlantirish, sanoat tarmoqlari va xizmat koʻrsatish sohasi, paxta otryad rahbarlari, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga patronaj xizmati koʻrsatish kabilar shular jumlasidan. Mahalla obodligi yoʻlida koʻchalarni obodonlashtirish, shagʻal yotqizish bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ham jamgʻarma mablagʻlari hisobidan haq toʻlab kelinmoqda.

Fuqarolar vaqtinchalik jamoat ishlariga oʻz istak va qiziqishlari asosida yoʻnaltiriladi. Tartibi esa oddiy: vaqtincha yoki doimiy ishsiz fuqaro oʻz hududidagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga murojaat qiladi. Unga haq toʻlanadigan bir qancha ish turi yoki tadbirkorlik yoʻnalishlari taklif etiladi. Fuqaro ixtiyoriy tarzda ulardan birini tanlaydi va ishga kirishadi.

Jamoat ishlari haqida gap borganida, yaqin yillargacha koʻpchilik majburiy mehnatni tushunib kelgani ham rost. Aslida ham, jamoat ishlarining aksari turli soha vakillarini jalb qilish hisobiga amalga oshirib kelingan. Ammo yangi Oʻzbekistonda majburiy mehnatning har qanday turiga toʻliq barham berilgach, jamoat ishlari munosib haq toʻlanadigan tizim, aholi bandligini taʼminlashning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Endilikda hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarida ijtimoiy soha vakillari emas, balki haq toʻlanadigan maxsus xodimlar ishlayapti. Bu borada turli davlat tashkilotlari bilan oʻzaro kelishuvlar ham imzolangan. Maqsad – majburiy mehnatning oldini olish va har kim oʻz ishi bilan mashgʻul boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.

Jamoat ishlari jamgʻarmasining vazifasi nafaqat ishsiz aholi bandligini taʼminlash, shuningdek, odamlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, oʻz faoliyatini kengaytirishiga koʻmaklashishdan ham iborat. Yaʼni jamgʻarma mablagʻlari hisobidan dastlabki ishni boshlash uchun zarur boʻladigan mini texnika, inventarlar xarid qilinib, foizsiz ijara asosida berish yoʻlga qoʻyilgan. Bularning hisobiga oʻtgan yilning oʻzida tadbirkorlik subyektlariga umumiy qiymati 7,1 milliard soʻmlik 1 ming 234 dona asosiy vosita va jihozni ijaraga berish orqali 1 ming 905 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlarning doimiy bandligi taʼminlandi.

Joriy yilning birinchi yarmida ham natijalar kutilganidan yuqori. Bu davrda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 28 korxonaga umumiy qiymati 6,2 milliard soʻmlik 790 dona asosiy vosita va inventar ijaraga berildi. Ular orasida tikuv mashinalari, motokultivator, mini uskunalar bor. Ijaraga berilgan inventarlar orqali ishsiz 963 fuqaroning doimiy bandligi taʼminlandi. Ularning koʻpi ijtimoiy roʻyxatlarda turgan. Bu insonlarning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi ortidan 417 oila kambagʻallikdan chiqarilgani asosiy yutuqlarimizdan biridir.

Yoshlar “hayot maktabi”da toblanadi

Maktabni tamomlagan oʻgʻil-qizning oldida taʼlimni davom ettirish yoki biror kasb-hunarni egallab, mehnat bozoriga kirib borish maqsadi turadi. Aksariyat yoshlar esa taʼlimning keyingi bosqichiga oʻqishga kirguniga qadar, ayrimlar maktabning yuqori sinfiga oʻtib, yozgi taʼtilda bir muddat ishlab turishni ham afzal koʻradi. Ammo bu yoshdagi yigit-qizlarda tajriba yoʻqligi sabab hamma ham ishga olavermasligi bor gap.

Davlatimiz rahbari joriy yil 15-fevral kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda ayni shu masalaga toʻxtalgani bejiz emas. Boisi, aholi bandligini taʼminlash deganda, har bir fuqaro, jumladan, maktab bitiruvchilari ham eʼtiborga olinadi. Aniqrogʻi, bitiruvchilarni kasb-hunarga oʻrgatib, katta hayotga tayyorlash va biryoʻla ish bilan taʼminlash hozir har qachongidan dolzarbroq. Shu bois, Prezidentimiz “Hayot maktabi” dasturini amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi va joriy yildan ushbu tizim ilk bor ishga tushdi.

Bunda maktab bitiruvchilari oʻz ixtiyoriga koʻra, “mahalladan vazirlikkacha” tizimi orqali davlat idoralariga biriktiriladi. Masalan, tikuvchilikka qiziqadigan qizlar tekstil korxonalarida, hunarmandlik, nonvoylik yoki istalgan yoʻnalishni tanlagan yigitlar esa oʻsha tarmoqdagi tadbirkorlarga shogird qilib beriladi. Ular korxonalarda ham hunar egallab, ham daromad topadi.

Ana shunday korxonalarga Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan ijara asosida taqdim etiladigan inventarlarning ijara toʻlovlarida imtiyozlar berilyapti. Bu, albatta, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qaratilgan. Qolaversa, korxonaning imkoniyatlari qancha kengaysa, shuncha koʻp yoshning bandligini taʼminlashga hissa qoʻshadi. Bu xayrli ishga bajonidil qoʻshilayotgan korxonalar soni ortib borayotgani, ayniqsa, quvonarli.

Masalan, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan “Vangʻozi xumo textile” MCHJda tumandagi 12-umumtaʼlim maktabining 20 nafar, Buxoro tumanidagi “Begoyim moxir qoʻllari” MCHJ korxonasida 44-umumtaʼlim maktabining 6 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanidagi “Montaj Silver” MCHJda 38-umumtalim maktabining 5 nafar oʻquvchi qizlari usta chevarlarga biriktirilib, kasb-hunar oʻrganmoqda. Yoshlar mehnatiga yarasha daromad ham topyapti, asosiysi, boʻsh vaqtini bekor oʻtkazmayapti. Shu kabi misollarni har bir hududdan keltirish mumkin.

Bu oʻrinda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik holatlari doimiy nazoratda boʻladi. Gap shundaki, odamlarni haq toʻlanadigan ishlarda majburiy ishlatish yoki mehnatidan foydalanib, haqqini bermaslik qonuniy chora koʻrishga sabab boʻladi. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish nomli yangi jazo joriy etilgan. Bunda, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish — huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat boʻlib, ular ish haqining 50 foizi aliment majburiyatlari boʻyicha qarzni toʻlashga yoʻnaltirilishi belgilandi. Haq toʻlanadigan jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, doimiy ishga ega shaxslarga, harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmasligi ham alohida belgilangan.

Tadbirkorga yordam xalqqa yordam degani

Hozirgi vaqtda tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqishi ancha osonlashgan. Dunyo mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik biznes vakillari oʻrtasidagi xalqaro kelishuvlar koʻlamining ortishiga xizmat qilyapti. Shu bois, Jamoat ishlari jamgʻarmasi faoliyati ham yurtimizda cheklanib qolmasdan, xorij davlatlariga chiqib bormoqda. Chet ellik hamkorlar bilan ish olib borish orqali tajriba oshirish maqsad qilingan.

Asosiy hamkor davlatlarimizdan biri esa Xitoy. Shu yil iyunida delegatsiyamiz ushbu mamlakatga borib, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoy tajribasini oʻrganib qaytdi. Ushbu tajribani yurtimizda tatbiq etish boʻyicha takliflar ham ishlab chiqilgan.

Xalqaro faoliyat doirasida amaliy harakatlarimiz ham faollashib boryapti. Jumladan, Jamgʻarma koʻmagida Turkiyaning yirik kompaniyalaridan biri boʻlgan “Tesmak tekstil makina” kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning “Dima textil ros” MCHJ oʻrtasida 140 ming dollarlik investitsiya shartnomasi imzolandi. Kelishuvga koʻra, xorij kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan toʻquv dastgohlari lizing shartnomasi asosida yetkazib berildi.

Xuddi shunday shartnoma Andijon viloyati Boʻloqboshi tumanidagi “Yuksak rivoj qurilish” hamda Izboskan tumanidagi “Omina tekstil” MCHJlar bilan ham imzolangan. Investitsiya shartnomasining umumiy qiymati 300 ming dollar boʻlib, belgilangan toʻquv dastgohlari oʻz vaqtida yetkazib berildi. Yaqin kunlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Helen tekstil” MCHJ korxonasiga ham Turkiyadan qiymati 407 ming dollarlik 10 dona toʻquv dastgohi keltirilishi kutilmoqda.

Oʻzaro hamkorlikdan mahalliy tadbirkorlarimiz qatorida turk hamkorlarimiz ham mamnun. Ular ayniqsa, bu loyihalar biznes vakillariga koʻmak sifatida tashkil etilayotganidan hayron qolganini yashirmadi: “Men Oʻzbekiston xalqining bir-birlarini qoʻllab-quvvatlashi, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish orqali aholini ish bilan taʼminlab, kambagʻallikka barham berish uchun astoydil bel bogʻlaganlaridan hayratdaman”, deydi “Tesmak tekstil makina” kompaniyasi vakili Usmonbey Erogʻlu.

Haqiqatan, bu loyihalar mahalliy ishbilarmonlarimizga koʻmak berish orqali aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan. Chunonchi, diyorimizda tadbirkorlar qancha koʻp boʻlsa, ularning erkin ishlashi uchun keng sharoitlar yaratilsa, shuncha koʻp odam ish bilan taʼminlanadi. Bitta korxona ortidan qancha oila daromad topishi, shu orqali qozonini qaynatishi mumkin. Bunday korxonalarning koʻpligi esa xalq farovonligi, hududlar rivoji va, albatta, yurtimizning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Salohiddin SAMADOV,

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi

Jamoat ishlari jamgʻarmasi ijrochi direktori