Qarorga muvofiq biz buyuk tarixiy shaxs, oʻzbek miniatyura sanʼatining asoschisi Kamoliddin Behzod haqida hujjatli film yaratish, musavvir haykalini yangi shaklda bunyod etish, xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazish kabi bir qancha vazifalarni ijro etishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, bu orqali xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga Kamoliddin Behzod, uning ijodiy merosi, umuman, yurtimiz tarixi haqida maʼlumot beramiz. Bu esa, oʻz navbatida, yoshlarimizni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etiladi. Bu esa talaba-yoshlarning ijodiy intilishlarini, yangilik yaratishga boʻlgan saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirib, ularning yetuk kadrlarga aylanishida muhim omil boʻladi.
Badiiy taʼlim yoʻnalishlaridagi pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi hamda Rassomlar tajriba ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) tashkil etilib, ularning vazifalari belgilab berildi. Bu bilan badiiy taʼlim sohasida yetuk mutaxassis kadrlar salmogʻi hamda taʼlim sifatining oshishiga erishiladi.
Oʻzbek tasviriy sanʼati jahonda oʻz oʻrniga egaligini buyuk musavvir Kamoliddin Behzod ijodining bugungi kunda dunyo sanʼat ahlining diqqat markazida ekanidan bilish mumkin.
Keyinchalik Gʻarb va Sharq anʼanalarini oʻzida uygʻunlashtirgan oʻzbek rassomlik maktabida bir qator atoqli nomlar paydo boʻldi. 1997-yilda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tashkil etildi.
Institutda ustozlar anʼanalarini davom ettirayotgan Badiiy akademiya akademiklari, taniqli olimlar, sanʼatshunoslar va boshqa mutaxassislar badiiy taʼlim rivojiga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar. Ular yaratgan nodir asarlar nafaqat yurtimizda, balki xorijdagi nufuzli koʻrgazma zallarida namoyish etilib, shaxsiy kolleksiyalar va galereyalarda saqlanmoqda.
Poytaxtimizning Olmazor tumanida bunyod etilgan Gʻalaba bogʻida ham bevosita institutimiz professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlari tomonidan yaratilgan koʻplab asarlarga guvoh boʻlish mumkin. Jumladan, ushbu bogʻda yosh oʻqituvchilar Yigitali Tursunov hamda Oʻtkir Asrorovning “Musiqachi askarlar”, “Yugurayotgan bolalar”, “Konslager” nomli kompozitsiyalari, “Front orti”, “Uchrashuv”, “Kuzatish”, “Urush” kabi barelyeflari hamda 2019-2020 oʻquv yilida haykaltaroshlik mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichini tamomlagan Bahrom Norboyevning “Zulfiya Zokirova va uning toʻrt kelini” kabi asarlari oʻrin olgan. Ushbu ijodkorlarning yosh avlod vakili ekani institutda ustoz-shogird anʼanalarining samarali davom ettirilayotganidan dalolatdir.
Tanlovlar iqtidorlarni saralaydi
Karantin davrida yosh iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ularning isteʼdodini namoyon qilish, mamlakatimizdagi islohotlarga daxldorlik hissini uygʻotishga yoʻnaltirilgan “Besh tashabbus — besh imkoniyat”, “Mustahkam oila — yurt tayanchi” hamda “Eng faol sanʼatshunos”, “Uyda qol, ijod qil” onlayn koʻrik-tanlovlari tashkil etildi. Mazkur tanlovlar gʻoliblari 30-iyun — Yoshlar kunida munosib taqdirlandi.
Respublika va xalqaro koʻrik-tanlovlarning Madina Norchayeva, Oygul Tojiddinova, Behzod Joʻraboyev, Nodira Mirjonova, Baxtiyor Dedashev, Tursunmurod Musurmonov, Raʼno Yaxshilikova, Dilfuza Neʼmatova, Sarvinoz Tugalova, Bunyod Zoirjonov, Hilola Yoʻldosheva kabi koʻplab gʻolib va sovrindorlari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureatlari, noyob iqtidori bilan tanilayotgan talaba yoshlarimiz bu kabi tanlovlarda yana-da toblanmoqda.
Xalqaro hamkorlik aloqalari
Institutimizda qator nufuzli chet el oliy taʼlim muassasalari bilan qirqqa yaqin memorandum imzolangan. Xalqaro hamkorliklar doirasida 70 nafar professor-oʻqituvchimiz va 16 nafar talabamiz malaka oshirish kurslari, seminar-treninglar, konferensiyalarda qatnashdi. Almashuv dasturlarida 2 nafar professor-oʻqituvchi hamda 22 nafar talaba ishtirok etdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Kemyon universiteti hamda Tailanddagi Channapatana dizayn instituti bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida dizayn (interyerni loyihalash hamda libos va gazlamalar) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
2019-2020 oʻquv yilida AQSHning Yel universiteti, Buyuk Britaniyaning ChangeScool tadqiqot instituti hamda Birmingem Siti universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan boʻlajak rassom, sanʼatshunos va libos dizaynerlari uchun mahorat darslari, ilmiy seminarlar va dars mashgʻulotlari tashkil etildi.
Xitoyning Shanxay canʼat va dizayn akademiyasi, Buyuk Britaniyaning Birmingem Citi universiteti, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Arxitektura va sanʼat instituti kabi bir qator muassasalar bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida delegatsiya almashinuvlari boʻlib oʻtdi.
Ilmiy salohiyat – mustahkam poydevor
Har qanday sohada boʻlgani kabi badiiy taʼlimda ham soha muammolarini ilmiy jihatdan tahlil etish va yechim topish kelgusi taraqqiyot uchun muhim hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, institutda ijodiy yangiliklar bilan birga ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Yurtimizda karantin choralari davom etayotgan bir paytda “Sanʼatdagi umuminsoniy qadriyatlar va anʼanalar” hamda “Globalizatsiya sharoitida sanʼatda umummilliy oʻziga xoslik, muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy onlayn konferensiyalar boʻlib oʻtdi. Ularda Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Malayziya, Bolgariya, Litva, Belarus, Armaniston, Moldova, Qozogʻiston, Tailand kabi davlatlardan soha mutaxassislari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, sanʼat tarixi, buguni va ertasiga doir fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Shu bilan birga, mazkur konferensiyalar yurtimizning yosh tadqiqotchilari uchun xalqaro tajribani oʻrganish hamda dunyo sanʼatida bugungi kunda kechayotgan jarayonlardan chuqurroq xabardor boʻlish imkonini taqdim etdi.
Institutda ilk bor 2019-2020 oʻquv yilida “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti axborotnomasi” ilmiy-amaliy jurnali va “Musavvir” gazetasi nashr etila boshladi.
Nazariya va amaliyot uygʻunligi
Oʻquv jarayonlari bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bogʻlanmas ekan, malakali kadrlar tayyorlashda muammolar yuzaga kelaveradi. Shuni inobatga olgan holda, joriy yil boshida Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi hamda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik kafedrasining filiallari tashkil etildi.
Hamkorlik doirasida Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida “Ekskursiyashunoslik”, “Muzey interyerini loyihalash”, “Muzey ishi asoslari”, “Fotografiya” kabi fanlar va muzey ekspozitsiyasi va fond zaxiraxonalarida amaliy mashgʻulotlar, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida esa “Sanʼat asarlarini fizika-kimyoviy ekspertizasi”, “Muzey ashyolarining ekspertizasi va restavratsiyasi” kabi fanlar oʻtilmoqda. Institut mazkur yoʻnalishda yana bir qator loyihalarni amalga oshirish borasida ish olib bormoqda.
Talabalar xolislik asosida tanlanadi
Qabul jarayonlarini adolatli va shaffof tashkil etish borasida masʼul xodimlarimiz oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni bajarmoqda. Jumladan, barcha imtihon jarayonlari videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinadi hamda institut rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida onlayn tarzda namoyish etiladi. Abituriyentlarning ishlarini baholashga komissiya raisi sifatida institutda faoliyat yuritmaydigan shaxslar — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, Oʻzbekiston xalq rassomlari, Oʻzbekiston sanʼat arboblari, fan doktorlari va professorlar jalb etilmoqda. Imtihon natijalari shu kunning oʻzida institut veb-saytida eʼlon qilinadi.
Pandemiya sababli joriy yilda faqat bitta fandan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirish belgilandi. Yaʼni barcha ijodiy yoʻnalishlarda 160 daqiqa vaqt davomida kompozitsiya, sanʼatshunoslik yoʻnalishida esa tasviriy va amaliy sanʼat tarixi fanidan imtihon topshiriladi. Shuningdek, muzeyshunoslik va menejment (art menejment va galereya ishi) kabi yoʻnalishlarda imtihonlar toʻliq test shakliga oʻtkazildi. Bu yilgi kasbiy (ijodiy) imtihonlar hududlar kesimida har kuni oʻrtacha 200-250 nafar abituriyent uchun oʻtkazilishi va ushbu kirish sinovlari 2020-yil 3-sentyabrdan 15-sentyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.
Qabul jarayonlarida korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi jirkanch holatlar kuzatilmasligi uchun institut tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar koʻrilgan. 2019-2020 oʻquv yilida institutda tahsil olish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1526 nafar boʻlgan boʻlsa, joriy yilda ular soni 2489 nafarni tashkil etmoqda. Bu yilgi abituriyentlar soni oʻtgan yilgiga nisbatan 963 nafarga yoki 38 foiz oshgan.
Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, institutimiz talabasiga aylanajak har bir talabani yurtimiz sanʼati va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshadigan, har tomonlama barkamol, Kamoliddin Behzod va boshqa buyuk musavvirlarga munosib izdosh boʻla oladigan isteʼdod egasi etib tarbiyalashni maqsad qilganmiz.
Nodirbek SAYFULLAYEV,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori,
tarix fanlari nomzodi, dotsent