Ayni kunlarda Kanadaning Toronto shahrida dunyo miqyosidagi eng nufuzli tadbirlardan biri — Xalqaro togʻ-kon sanoati konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. 

Unda dunyoning 135 dan ortiq mamlakatlaridan 27 mingdan ortiq mineral resurslar sohasidagi yetakchi mutaxassislar, investorlar va yirik kompaniyalar ishtirok etdi. Tadbirda Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati ham qatnashdi.

Anjumanning alohida eʼtiborga molik jihati unda “Oʻzbekiston kuni”ning oʻtkazilishi boʻldi.

Ushbu kun doirasida oʻtkazilgan taqdimotlarda Oʻzbekistonning texnologik metallar sohasidagi ulkan imkoniyatlari, xomashyo resurslari va investitsiyaviy muhiti haqida toʻliq maʼlumot berildi.

Farhod Abdullayev, OʻzTMK boshqaruv raisi:

— Ushbu anjuman jahonning eng yirik sanoat va investitsiyaviy tadbirlaridan biri hisoblanadi. Biz bu yerda oʻz mahsulotlarimiz, investitsiyaviy imkoniyatlarimiz va strategik loyihalarimizni xalqaro hamjamiyatga taqdim etmoqdamiz. Xalqaro kompaniyalar va investorlar bilan yaqindan muloqot qildik. Anjuman davomida qator yirik xorijiy kompaniyalar vakillari bilan sanoatdagi yangi texnologiyalar, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashilmoqda. Koʻplab kompaniyalar Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, hozirda muzokaralar jarayonida qator istiqbolli kelishuvlarga erishilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati sanoat uchun muhim ahamiyatga ega 20 ta kritik mineral boʻyicha 50 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.