Shu kunlarda respublika teatr sahnalarida yangi spektakllar taqdimoti bo'lim o'tmoqda.

“Diydor” teatr studiyasida Tojikistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Barzu Abdurazzoqovning Temur Zulfiqorov asari asosida sahnalashtirgan "Kapalak tushi" spektaklining O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi jamoasiga topshirish jarayoni amalga oshirildi.

  Taqdimotda Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Bahodir Ahmedov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, ustoz rejissyor Olimjon Salimov, respublika teatrlarining yosh rejissyorlari ishtirok etishdi.

Spektakl haqida juda iliq fikrlar bildirildi. Jumladan, "Barzu Abdurazzoqovni mahorat darsi o'tishi asosida "Kapalak tushi" spektaklining sahnada ko'rib, milliy qadriyatlarimizni hurmat qilgan holda yaratilgan umumbashariy qadriyatlarni sahnada o'ziga xos talqinini ko'rdik. Spektaklni hatto dunyo festivallarida bemalol namoyish etish mumkin.

Kelajakda yosh rejissyorlar uchun tashkil qilinadigan mahorat darslariga Barzu Abdurazzoqovni yana taklif etamiz",  - dedi Bahodir Ahmedov.

Muhokama ishtirokchilari bir ovozdan "Kapalak tushi" spektaklini tomoshabin e'tiboriga havola etishga loyiq deb topishdi.

"Kapalak tushi" spektakli taqdimotidan so'ng  madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Bahodir Majidovich Ahmedov "Diydor" eksprimental o'quv teatri studiyasida ustoz rejissyor Bahodir Yo'ldoshev yaratib ketgan rejissyorlik an'analariga xos spektakllar sahnalashtirilishidan tashqari yangi jahon tendentsiyalariga xos sahna asarlarini yaratish tandemini amalga oshirish zarurligini ta'kidladi.

Mazkur spektakl` prem`erasi joriy yilning 22, 23, 24-noyabr` kunlari "Diydor" o'quv teatri eksprimental studiyasi sahnasida bo'lib o'tadi.