Gap 2024-yil aprel oyida sodir etilgan bosqinchilikhaqida ketmoqda. Sud materiallariga koʻra, sudlanuvchi Karmana tumani Kalavot mahallasidagi xonadonlardan biriga yuziga oq dokadan niqob taqib, oshxona pichogʻi bilan qurollangan holda gʻayriqonuniy ravishda kirgan.

U xonadon yotoqxonasida boʻlgan yosh qizga hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻravonlik ishlatgan. Jabrlanuvchi qarshilik koʻrsatganidan soʻng uning qoʻl va oyoqlarini xonada turgan charm tasma bilan bogʻlagan.

Shundan keyin jinoyatchi xonadondan oltin buyumlar va turli taqinchoqlarni olib, voqea joyidan yashiringan. U tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bir kun oʻtib qoʻlga olingan.

Sudda maʼlum boʻlishicha, mazkur shaxs bundan avval ham turli jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. U xavfli retsidivist deb topilgan.

Sud sudlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 164-moddasi 4-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Hukmga koʻra, unga 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.