Ruminiyadagi Karpat tog'larida Italiyadan kelgan sayyoh yovvoyi ayiq bilan selfi tushmoqchi bo'lganidan keyin uning hujumiga uchrab, hayotdan ko'z yumdi. Bu haqda 7-iyul, dushanba kuni Bild nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 48 yoshli Omar Z. 3-iyul kuni ertalab Transfegerash shossesida – Ruminiyadagi o'zining keskin burilishlari va go'zal manzaralari bilan mashhur bo'lgan tog' yo'lida mototsiklda ketayotgan edi. Bu joyda sayyohlar orasida xavfli tendensiya tarqalgan: qo'ng'ir ayiqlarni oziqlantirish.
Erkak ayiqlarga yaqinlashishni va ularni oziqlantirishni taqiqlovchi ogohlantiruvchi belgi yonida to'xtagan. Shunga qaramay, italiyalik erkak hayvonga yaqinlashgan.
“Mana, ayiq, qanday chiroyli, u mening oldimga kelmoqda!” degan erkak videoda. Keyin ayiq unga hujum qilgan. Guvohlarning aytishicha, hujumdan keyin ayiq uning jasadini o'rmonga sudrab ketgan va bunga guvoh bo'lgan haydovchilar favqulodda yordam xizmatlarini chaqirishgan.
Ba'zilari qurollangan 40 nafar ofitser yordamga yetib kelgan, biroq ular yetib kelganida odam allaqachon o'lgan edi. Ayiq qutqaruvchilarga hujum qilmoqchi bo'lganligi sababli, u otib tashlangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, bu o'z bolalarini himoya qilgan ona ayiq bo'lishi mumkin, deb xabar beradi korrespondent.net.









