Ushbu qonun loyihasi bilan toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyati sohalarida, shuningdek davlat tashkilotlarini xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etishning va ular huquqiy holatining oʻziga xos xususiyatlari, toʻlov terminali, virtual toʻlov terminali, antifrod tizimi va ularning mazmun-mohiyati haqidagi tushunchalar qonunchilikda belgilanmoqda.

Shu bilan birga, litsenziyalash jarayonlarini yanada qisqartirish va banklarning toʻlov hizmatlari bozorida faoliyatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida banklarning toʻlov tizimi operatori sifatida faoliyatini boshlash uchun xabardor etish tartibi joriy qilinmoqda.

Loyiha bilan muhim toʻlov tashkilotlari tushunchasi kiritilmoqda, ushbu toifadagi tashkilotlar tomonidan uzluksiz xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida ularning toʻlov tizimi ishtirokchisi boʻlishi uchun huquqiy asos yaratilmoqda. Xususan, toʻlov tizimlarining operatorlari moliyaviy infratuzilmada muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib toʻlov operatsiyalarning samaradorligi va ishonchligini yanada taʼminlash maqsadida ularning asosiy funksiyalari belgilanmoqda.

Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar koʻrsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.