Umumiy maydoni 83 gektarni tashkil etib, shaharsozlikning takrorlanmas andozasini o'zida mujassam etayotgan “Bukhara City” zamonaviy turar joy va ishbilarmonlik markazidan o'rin olgan yana bir muhim inshoot ko'p qavatli "Karvon Shopping Centre" savdo majmuasidir.

Amerikalik investorlar va mahalliy tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan yirik savdo majmuasi 1 ming 717 ta xalqaro brend va hunarmandlar uchun savdo do'konlari, 36 ta umumiy ovqatlanish, shuningdek, yuzdan ortiq maishiy va texnik xizmat ko'rsatuvchi shaxobchalari, avia va temir yo'l kassalari, bank filiallari, ko'ngilochar va axborot markazlarini o'z ichiga oladi. Qolaversa, yirik savdo majmuasi foydalanishga topshirilgach, kelgusida unda 6 ming 500 dan ortiq savdo o'rni barpo qilinishi kutilmoqda.

Buxoro viloyat hokimining Turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo'yicha o'rinbosari Botir Shaxriyorov hamda Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov “Bukhara City” zamonaviy turar joy va ishbilarmonlik markazida” bo'lib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

O'rganishlar jarayonida  "Karvon Shopping Centre" savdo majmuasi bilan birga, hududda borayotgan sa'y-harakatni tezlashtirish, aynan loyihalarni amalga oshirishda xalal berayotgan ob'ektlarni bartaraf etish, ta'minot va boshqa masalada quruvchi-binokorlar duch kelayotgan masalalar echimi bo'yicha fikr-mulohaza almashdilar.