Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam boʻlib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yoʻlida” degan shior asosida yangi tizimni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Prezidentimiz ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya va Federatsiyani mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy etishga chaqirdi.
Uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qoʻllab-quvvatlash, qishloq joylarida ayollar bandligi va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirish taklif qilindi.
Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari boʻyicha gender tenglikni taʼminlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.








