Kasb-hunarga oʻqitish aholining ish bilan bandligini taʼminlashda muhim omillardan hisoblanadi. Bugun shahrimizda faoliyat koʻrsatayotgan kasb-hunarga oʻqitish markazida ham “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar va yoshlar oʻzlarining istaklaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrganmoqda.
Bugun shahrimizga tashrif buyurgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov shahar hokimi Gavhar Alimova hamrohligida markazdagi shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Oʻrganishlar davomida markazning holatidan kelib chiqib uni kapital taʼmirlash va buning uchun vazirlik tasarrufidagi davlat jamgʻarmasi hisobidan tegishli mablagʻ ajratilishi hamda markazni kelgusida nafaqat shahar balki yaqin tumanlar aholisiga ham xizmat qilish uchun imkon yaratish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Kattaqoʻrgʻon shahrida “Kovorking markazi” hamda Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi uchun yangi bino qurilishi boʻyicha belgilangan loyihalar ham koʻzdan kechirildi va bu boradagi ishlar ham kelishilib olindi.
Shahardagi koʻzi ojizlar jamiyati binosining holati bilan yaqindan tanishgan vazir kasb-hunar markazida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham kasb-hunar oʻrganishlari va yashashlari uchun kerakli sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflarini berdi.