Kasbida 150 ta daraxt qoʻporilib, 1 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazildi

    Hujjatlar prokuraturada

    Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Kasbi tumanida navbatdagi reyd tadbirlari oʻtkazildi.

    Reyd davomida “Toʻpalang HPD Holding” MCHJ masʼullari tomonidan “Denov-Novqat” kanalini rekonstruksiya qilish jarayonida kanal qirgʻogʻiga ekilgan jami 150 ta daraxt ildizlari bilan qoʻporilganligi aniqlandi.

    Bu bilan “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni talablari buzilgan. Daraxtlarni kesish yoki koʻchirib oʻtqazish boʻyicha amaldagi tartiblarga rioya etilmagan va murojaat qilinmagan.

    Daraxtlar kesilishi natijasida oʻsimlik dunyosiga 1 milliard 165 million 350 ming soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi. Hujjatlar yetkazilgan zararni undirish hamda aybdorlarga qonuniy chora koʻrish maqsadida Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.