Joriy yilning 10-24-yanvar kunlari vazirlik ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 300 ta holatda ayrim tadbirkorlik subektlari va isteʼmolchilar tomonidan 4,5 mln kVt-soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.

Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Surxondaryo viloyatidagi “Mashhura Tort Angor” MCHJ, Andijon viloyatidagi “Oq yor sauna” OK hamda Qoraqolpogʻiston Respublikasidagi “Cake bumer” MCHJlar kabi maishiy xizmat koʻrsatuvchi bir qator korxonalar tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi maʼlum boʻldi.

Buning oqibatida energetika tizimiga jami 2,1 mlrd soʻm miqdorida zarar keltirilgani maʼlum boʻldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 22 ming 500 ta xonadonning bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.

Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan isteʼmolchilarning elektr qurilmalari tarmoqdan ajratilib, holat boʻyicha tegishli choralar qoʻllash uchun rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.

Hududlarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.