Kattaqoʻrgʻon shahri Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boʻlimi xodimlari shahar va shahar atrofida joylashgan koʻchatchilik bilan shugʻullanuvchi koʻchatxonalarga borib, bu yerdagi koʻchatlarning turi va navlari bilan tanishdi.
Ayni paytda Kattaqoʻrgʻon shahrida jami 38 ming 455 dona 16 turdagi mevali va manzarali hamda butasimon daraxtlar koʻchatlari bahorgi mavsumga shay holatga keltirib qoʻyilgan.
Misol uchun, koʻchatxonalarda bahorgi daraxt ekish ishlariga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida, gilos, olma, behi, oʻrik, doʻlana va xurmo singari mevali va pavloniya, katalpa, shumtol, terak, qayragʻoch, eldor qaragʻayi, tut, tuya, shum tol kabi manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirilmoqda.
Hozirda esa, mazkur koʻchatlarni tarqatish boʻyicha korxona va tashkilotlar bilan shartnomalar qilish ishlari boshlab yuborilgani haqida Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.