“Oʻzagroinspeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, inspeksiya organlari tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasida qonunchilik ijrosini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Shu maqsadda, Inspeksiyaning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan 2021-yil hosili uchun rejalashtirilgan ekin turlari ekilishi yuzasidan monitoring tadbirlari tashkil etildi.
Oʻtkazilgan tadbirlar davomida, tumanning “Boʻston” muqobil mashina traktor parki hududida joylashgan “Eshturdiyev Sherbek dalasi” fermer xoʻjaligi tomonidan 2021-yil paxta xosili uchun moʻljallangan 6,3 ga yer maydoniga noqonuniy ravishda tamaki ekini ekilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan surishtiruv natijalariga koʻra, Kattaqoʻrgʻon tumani hokimining 2021-yil 13-martdagi 230-sonli qaroriga asosan “Eshturdiyev Sherbek dalasi” fermer xoʻjaligi tomonidan 42 gektar yer maydonida paxta, 33 gektar yerda gʻalla, 8 gektar moyli ekinlar, 7 gektarda sabzavot va 2,5 gektar yer maydonida kartoshka ekish rejalashtirildi.
Ammo, fermer xoʻjaligi rahbari hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmasdan, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan yer maydonining 6,3 gektarida noqonuniy ravishda, oʻzboshimchalik bilan tamaki, 1,5 gektar yer maydonida makkajoʻxori ekinlarini ekib, parvarishlayotgani aniqlandi, deya maʼlumot beradi Inspeksiyaning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi boshligʻi Nurali Namazov.
Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Kattaqoʻrgʻon tuman sudida koʻrib chiqildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan “Eshturdiyev Sherbek dalasi” fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 198-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy jazo chorasi belgilandi.