Kechki yoki sirtqi shaklda taʼlim olayotgan xodimlar uchun qanday kafolatlar va kompensatsiyalar mavjud?

    Bilasizmi? 13 Fevral 2025 1622

    Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular oʻquv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 385-moddasiga koʻra, Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari:

    — oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida oʻqiyotgan birinchi va ikkinchi kurs talabalariga — kamida yigirma kalendar kun,
    — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida oʻn kalendar kun,
    — oliy va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga esa — kamida oʻttiz kun;

    Oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida uchinchi va undan yuqori kurslarda oʻqiyotganlarga — kamida oʻttiz kalendar kun, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, kasb hunar taʼlimi tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga esa kamida qirq kalendar kun muddatga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi.

    Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi koʻproq boʻlgan oʻquv taʼtillari nazarda tutilishi mumkin.

    Ish beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun taʼlim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yoʻlkira haqining ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorini toʻlaydi. Davlat attestatsiyasidan oʻtish uchun xuddi shunday miqdorda yoʻlkira haqi toʻlanadi.