Qaysi saylov uchastkasiga bormaylik, otaxon va onaxonlarimizning ortida turgan minglab yoshlarni ko‘rdik. Ulug‘larning duosi bilan boshlangan saylov jarayonida ishtirok etish katta bayramga aylanib ketdi.
Saylovga tayyorgarlik jarayonida faxriylarimiz barcha mahallalar, tashkilotlar, o‘quv yurtlari, fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, madaniyat saroylarida, sport maydonlarida ma’ruzalar qilishdi, davra suhbatlari o‘tkazdi. Ular yoshlarga ushbu saylovning ahamiyatini tushuntirib berdilar.
“Har birimizning ovozimiz muhim ahamiyat kasb etadi”
— Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida keksa avlod vakillari faollik bilan ovoz berdi, – deydi O‘zbekiston faxriyilarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi, senator, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev. – Men ham poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Kamolon Darvoza” mahallasida joylashgan 386-saylov uchastkasida oila a’zolarim bilan qatnashib, munosib nomzodga ovoz berdim. Zero, yurt tinchligi, xalq farovonligi, kesalar e’zozi-yu, yoshlarning istiqbolli kelajagi yo‘lida har birimizning bergan ovozimiz muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, jannatmonand yurtimizning barcha hududlarida bayramona kayfiyatda o‘tgan ovoz berish jarayonida nuroniylar faol qatnashib, elimizning farog‘atli, osuda hayoti, diyorimiz obodligi uchun duolar qildilar.
O‘z konstitutsion huquqlaridan foydalanib ovoz bergan keksalarimizning yuzlaridagi mamnuniyat va shukronalik hissi yoshlarga ibrat bo‘ldi. Shuningdek, saylovga kela olmaydigan otaxon va onaxonlarning uylariga saylov uchastkalari vakillari tashrif buyurib, ularning saylovda qatnashishiga barcha shart-shroitlarni yaratgani nuroniylarimizni yanada mamnun etdi.
Biz esa mamlakatimizning ko‘pgina viloyatlarida saylovoldi va saylov jarayonida qatnashib yoshi ulug‘, piri-badavlatlarimizning dil izhorlarini, ezgu niyat va maqsadlarini qog‘ozga tushirishga muvaffaq bo‘ldik.
Yuz bilan yuzlashganlar
Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Bahriobod” mahallasida joylashgan saylov uchastkasida bo‘lib, o‘z nomzodiga ovoz berish uchun kelgan ikki dugona: 101 yoshli Mukarram aya Abdurahmonova va 100 yoshli Donoxon momoning suhbati nafaqat bizga, balki o‘sha yerda yig‘ilgan barchaga birday manzur bo‘ldi.
— Yoshligimizda ne-ne qiyinchiliklarni ko‘rganmiz. Eh-he, bir burda nonga zor edik. Endi esa, Allohga ming shukur, hamma narsa badastir. Shuning uchun har bir kunga shukrona keltirib yashashimiz kerak. Hozir pensiyalarimizni ham o‘z vaqtida uyimizga keltirib berishadi. Oylab pochtachini kutib sarg‘ayishlar endi yo‘q. Har hafta tuman mutasaddilari, mahalla faollari kelib, holimizdan xabar oladi. Hamshiralar esa sog‘lig‘imizni tekshirib darmon dorilar berib turadi. Hattoki, Namanganimizda o‘tgan gullar bayramiga biz ikki dugonani olib borishdi. Bilasizmi, dunyoga kelib bunday go‘zallikni birinchi bor ko‘rishimiz. Umrimiz davomida biron marta gullar bayramiga ham bormagan ekanmiz. Biz keksalarni e’zozlaganlarning birlariga ming bersin. O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin ilohim, – deydi Donoxon momo.
— Erta tongdan saylov uchastkasining ochilishini kutib o‘tirdik va birinchilardan bo‘lib Prezidentlikka nomzod uchun ovoz berdik. Biz baxtli momolarmiz, shunday to‘kis sharoitlarda yashayapmiz. Allohga shukur. Ilohim yurtimiz tinchligiga, to‘kinligiga ko‘z tegmasin, — deya suhbatimizga qo‘shildi Mukarram momo.
128 yoshli Huvaydo momoning 60 dan ziyod chevarasi bor
128 yoshli Huvaydo momo Umarova Buvayda tumanidagi Qoraqum qishlog‘ida istiqomat qiladi. Joriy yilning 9 iyul kuni onaxonning hovlisiga saylov uchastkasi komissiya a’zolari bilan birga mahalladoshlari, 7 nafar farzandi, 32 nafar nevara, 78 nafar evara va 60 dan ziyod chevaralari davrasida bizlar ham kutilmaganda kirib bordik.
Hovli bir lahzada shodon kulgular va bolajonlarning qiy-chuviga to‘lib ketdi. Momoning yurtga tinchlik, elga farovonlik, dasturxonalarimizga rizqu baraka, barcha-barchaga omad va tanu-sog‘lik tilab qilgan duolaridan keyin yig‘ilganlarning davomli qarsaklari ostida Huvaydo momo saylovda ovoz berdi.
– Nevaralarimning ismi yodimdan chiqadi, evaralarimning ismi yodimdan chiqadi, ammo kimga ovoz berayotgan bo‘lsam, uning ismini yoddan chiqarmayman, – deydi Huvaydo momo.
Ha, keksalar duosi hamisha ijobatdir. Biz nafaqat O‘zbekistonning, balki Yer sharining eng uzoq umr ko‘ruvchilaridan biri bo‘lgan Huvaydo momo Umarovaning duolari ijobat bo‘lishiga albatta ishonamiz.
“Tinchlik so‘zining qadrini biz, urush ko‘rganlardan so‘rang”
Qashqadaryodagi 89-saylov uchastkasiga kirib kelgan 103 yoshli otaxon Tosh bobo Shamsiyevning saylov uchastkasiga kelib ovoz berishi barchaga o‘rnak bo‘ldi. Qizig‘i va hayratlanarlisi shundaki, bobo komissiya a’zolarining “Uyingizga ovoz berish qutisini olib boraylik”, deganlariga rad javobini beribdi.
“Men o‘zim tanlagan Prezidentimga saylov uchastkasiga borib ovoz berishga hali yana necha yil kuch topaman”, deydi ne-ne polvonlar kuragini yerga tekkizgan Tosh bobo.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Hamid Olimjon mahallasida yashovchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 103 yoshli Fayzullo ota Nurmatov ham o‘zi tanlagan nomzodiga uyida ovoz berdi.
– 3 yil oldin 100 yoshga kirganim uchun davlatimiz tomonidan menga “Shuhrat” medali berildi. Har yili 9 mayda pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar olaman. Mana bu yil ham 18 million pul va yana bir qancha sovg‘alarni oldim, – deydi Fayzullo Nurmatov. – “Tinchlik” so‘zining qadrini biz, urush ko‘rganlardan, yonidagi sheriklari dushman o‘qlaridan parchalanib ketganlardan so‘rang. Qahatchilik nimaligini, bir burda qora nonga zor bo‘lganlar, yo‘qchilikda kunjara yeb shishib nobud bo‘lganlar-u hali to‘y ko‘rmay, chimildiq ko‘rmay shahid ketganlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Men O‘zbekistonimizning tinchligi, yoshlarimizning baxtu saodati, biz, nuroniylarning shukronaga to‘la hayoti uchun javob bera oladigan nomzodga ovozimni berdim.
“Saylovda ovoz berdim, tinchlik uchun, baxt uchun”
Andijonning Asaka tumani Qayrag‘och qishlog‘idan saylov uchastkasiga kelib ovoz bergan nuroniy, nafaqadagi ijodkor o‘qituvi 90 yoshli Olimjon Rahimovning ovoz berish jarayonidan so‘ng saylov haqidagi she’ri barcha nuroniylarning qalb istagi bo‘lib yangradi:
Saylovda ovoz berdim,
Tinchlik uchun, baxt uchun.
Yurtda rohat, farog‘at
Yaxshi hayot naqd uchun.
Saylovda ovoz berdim,
Xushnud chog‘lari uchun.
Yangi O‘zbekistonning,
Yangi bog‘lari uchun.
Yurtimizda hamisha katta to‘ylar, ulkan qurilishlar, chigit ekishu baraka urug‘ini sochishdek xayrli ishlar oldidan nuroniylarning duolari olinadi. Respublikamizda Prezidentlikka saylov jarayoni ham donishmand keksalarimizning oq fotihalari va faolligi bilan o‘tgani ezgu fikrimizning ifodasi bo‘ldi.
Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi