Tarbiya eng nozik masala boʻlib, insonning axloqiy fazilatlarini shakllantiradi. Biz oʻzbeklarda “Qush inida koʻrganini qiladi”, degan gap bor. Mahalla — ulkan uyimiz. Yoshlar oʻz uyi ostonasidan chiqib dastavval mahallasiga koʻzi tushadi. Mahalladoshlaridan katta hayot ummonida suzishni oʻrganadi. Oʻrganish, koʻrish, kuzatish, taqlid, havas qilish, ergashish kabilar orqali inson qalbida insoniylik shakllanadi.

Nihol egilgan tomonga qarab oʻsadi

Katta yoshlilar bolalarni qay tomonga boshlasa, ular oʻsha tomonga ketadi. Bola goʻdak yoshida eshitgan ertaklaridagi qahramonlarga oʻxshagisi, odamlarga yaxshilik qilgisi, barchaga baxt ulashgisi va shu orqali qalbida faxr tuygʻusini his etgisi keladi. Umrimiz bino boʻlib hali hech bir bola ertaklardagi kabi johil, beshafqat, takabbur va tekinxoʻr odamlarga oʻxshashni orzu qilganiga guvoh boʻlganimiz yoʻq. Mard, dono, halol va mehribon, ilmi bilan dunyoni ziyoga toʻldirgan ajdodlari bilan avlodlar va butun millat gʻururlanadi.

Yoshlar bamisoli bir nihol. Qay tomonga qarab egsang, oʻsha tomonga qarab oʻsadi. Shuning uchun farzand tarbiyasida kitob mutolaasi muhim oʻringa ega.

“Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” tamoyili boʻyicha mahallalarda tashkil etilgan guruhlar el-yurt ichida hurmat va eʼtiborga ega boʻlgan, oilasi namunali keksalardan iborat. Bu guruh, asosan, tarbiyasida muammosi bor yoshlarni otaliqqa olgan. Maqsad, avvalo, mahalladagi uyushmagan yoshlarni, maktabda yaxshi oʻzlashtirmaydigan oʻquvchilarni, notinch oilalar farzandlarini aniqlab olishdan iborat.

Oʻgʻil bolalar koʻproq yurist, nafaqadagi sport murabbiylari, hunarmandlar, oʻqituvchilar, dehqonlar, bogʻbonlar, zargarlar, temirchilar, kulollar, haydovchilar, zaxiradagi harbiylarga, qiz bolalar esa nafaqadagi nuroniylar, psixologlar, olimalar, adiblar, jurnalistlar, oʻqituvchilar, nonvoylar, qandolatchilar, chevarlar, sartaroshlarga biriktirildi.

Yoshlar tarbiyasida yaxshi insonlarning namunasi asta-sekin ijobiy taʼsirini koʻrsatib boradi. Eng muhim jihat oʻqish va uqish, halol mehnatga muhabbatni shakillantirish orqaligina baxtli yashash mumkinligiga ishonch orttirishdir. Shunda jaholat, yalqovlik, xudbinlik, hasadgoʻylik, tekinxoʻrlik, boqimandalik illatlari yosh vujuddan sidirib tashlanadi. Uni kamtarlik, tirishqoqlik, masʼuliyat, atrofidagilarga va Vatanga daxldorlik kabi fazilatlar bilan boyitadi.

Huquqiy demokratik davlat qurilishida ijtimoiy adolatni qaror toptirishni taʼminlash, islohotlarni yangi mazmun bilan boyitish oila muhitida Vatan qadri, mahallaga hurmat, eʼtibor va masʼullikdan boshlanishini yoshlarga samarali tushuntirish yoʻllaridan biri mahallada oʻtayotgan maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlovlarda yoshlar faolligini oshirishdir.

Oila farovonligi, Vatan va ota-ona uchun har qanday xizmatga bel bogʻlagan yoshlardan haqiqiy vatanparvarlar chiqadi. Farzandlarimizning oqil, solih, mehnatsevar va yurtiga sadoqatli insonlar boʻlib kamolga yetishida nuronyilarimizning oʻgitlari va yoʻl-yoʻriqlari nihoyatda muhim. Shu oʻrinda bulungʻurlik nuroniy, keksalar maslahat guruhi rahbari Toir ota Xoʻjamurodovning dil soʻzlariga quloq tutaylik.

Toʻgʻrilikka, yaxshilikka va mehnatga boshlayveraman

— Mahallamizdagi oʻnta uyushmagan yosh yigitga masʼulman. Toʻgʻrisini aytsam, hozir bu yigitlarning shijoati ichiga, kuchi tanasiga sigʻmagan, qiziqqon bir davr. Shu yoshlar bilan yurakdan gaplashib, xohishiga qarab, 4 nafarini tumanimiz markazidagi oshxona va restoranlarga ishga joyladim. Bugungi kunda ular 2 million soʻmdan ortiq maosh olmoqda, asosiysi, ish bilan band. Ularni sportga jalb etgan holda mahalladagi sportchilar bilan tanishtirib, futbol jamoamiz safiga qoʻshib qoʻydim. Uchtasini avtomobil tuzatadigan ustalarga shogird qilib berdim. Ustalar ularga kunlik maosh toʻlaydigan boʻlishdi. Ikki yigitimiz kompyuter texnologiyasiga qiziqadi. Ularni kompyuter tuzatuvchi ustalarga biriktirdim. Mana, ham hunar oʻrganishmoqda, ham halol daromad topishmoqda. Yoshlarimizdan yana bittasi oliy oʻquv yurtiga kirishga tayyorgarlik koʻryapti. Homiylarimiz baraka topsin, repetitorlarning xizmat haqini toʻlab berdi. Nasib etsa, bu yigitimiz oʻzi orzu qilgan oʻqishga albatta kiradi va kelajakda oʻz kasbining ustasi boʻladi, degan umiddamiz. “Bir nuroniy – oʻn yoshga maʼsul” tamoyili boʻyicha qilgan ishlarim va tajribamdan kelib chiqib, tuman koʻrik-tanlovida birinchi oʻringa munosib topildim va viloyat bosqichiga yoʻl oldim. Mahallamdagi yoshlar tarbiyasi va kelajagi uchun oʻzimni masʼul deb bilaman hamda ularni toʻgʻrilikka, yaxshilikka va mehnatga boshlayveraman.

Yoʻqolgan vaqt topilmaydi

“Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik tanlovining shahar bosqichida Tamara Oripovaning ishlari hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholandi va birinchi oʻringa munosib topildi. U Shahrisabz shahridagi markaziy kutubxonada kutubxonachi boʻlib ishlaydi va mahallasidagi barcha yoshlarni kitobxon qilishga oʻzini masʼul hisoblaydi.

— Aslida mahalladagi qaynonalar va yosh kelinlar bilan ish olib borar edim, bugun esa yoshlar qurshovidaman, — deydi shahardagi “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Tamara Oripova. — Mahallamiz ahlining 40 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Masʼulligimdagi oʻnta yoshni har kungi faoliyati bilan tanishman. 6 nafarini kitob oʻqishga jalb etish oson kechdi. Ularni ishga ham joylashtirdik, natijada oilasiga daromad keltirib, hayotga qiziqishi ham ortib bormoqda. Shuni quvonch bilan aytishim mumkinki, qizlar kitobxonlikdan tashqari chevarlikni ham uddalashyapti.

Yigit-qizlar bilan ishlash jarayonida bu yoshlarni faqat kitobxonlik oʻzgartira oladi, degan xulosaga keldim. Eng avvalo, yoshlarning oilaviy sharoitini oʻrganib chiqdim va ularning kitob oʻqimayotganiga sabab oilaviy muhit ekaniga amin boʻldim. Uyida oʻqishga sharoiti yoʻqligini bilganim uchun ularni dastlab kutubxonada oʻqita boshladim. Asta-sekin ularda kitoblarni uyiga olib ketishga koʻnikma hosil boʻldi.

Kitobxonlikka beeʼtibor ota-onalarga “Agar bolangiz kutubxonaga bormasa, kitob oʻqib, tafakkuri teranlashmasa, erta bir kun jinoyatchilar safiga qoʻshilishi mumkin”, deb qatʼiy aytdim. Gapim taʼsir qildi shekilli, ota-onalarning oʻzlari ham kitob oʻqiy boshladi. Hozir oʻnta bolam ham kitobxon, barchasi ish bilan band.

Sariosiyo mahallamiz yoshlari oʻrtasida jinoyatchilik qayd etilmayapti. Bu boradi hissam qoʻshilganidan mamnunman. “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovida esa viloyatda ham birinchi oʻrinni olishga harakat qilaman.

Tanlov nizomiga koʻra, oʻnta yoshimni oʻzim bilan birga olib borib, har tomonlama sinab koʻrishlariga tayyorman. “Yoshlar – bizning kelajagimiz” mavzusida tayyorlangan albom va maʼlumotlarimda bu yoshlarni dangasalik, jurʼatsizlik, loqaydlik kabi illatlardan olib chiqish uchun amalga oshirgan ishlarim rejali va davomli ekanini aniq misollarda keltirganman.

Bugungi kunda farzandidagi noxush oʻzgarishlardan aziyat chekayotgan oilalardagi ota-onalar ham oldimga kelishmoqda. Masʼulligimdagi oʻnta yoshni hayotda toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirganimdan soʻng yana boshqa yoshlarni masʼulligimga olishga, vaqtdan yutishga harakat qilaman. Axir xalqimizda “Yoʻqolgan oltin topilar, ammo yoʻqolgan vaqt topilmaydi”, degan gap bor...

Yoshlarimiz yonlaridagi afsonalardan oʻrnak oladilar

Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining keng quloch yozgan ezgu ishlariga yurtimiz mahallalarida yashayotgan faxriylarimiz labbay deb javob bermoqda. Ayni kunlarda barcha hududlarda “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining tuman bosqichlari qizgʻin oʻtmoqda.

Otaxon va onaxonlarning fikrini eshitish va tajribasi bilan oʻrtoqlashish maqsadida Toshkent viloyati hududlari sari yoʻl oldik. Tasodifni qarangki, Yangiyoʻlda “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtayotgan ekan. Muhtasham zalga kirib borganimizda esa yuzu koʻzlaridan nur yogʻilib turgan otaxon va onaxonlarning oʻzaro bellashuvini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻldik. Toʻgʻrisi, ularga havas ham qildik.

Nega deysizmi? Chunki tanlov ishtirokchilari boʻlmish “II darajali mehnat faxriysi” Abdunabi Abduxalilov, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibasi Gulnora Jalilova, Samarqand mahallasi keksalar maslahat kengashi raisi Gulxayri Sherboyeva, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Muxayyo Toʻlaganova, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibasi Gulnora Aliqulova va “Mehnat faxriysi” Gʻofurjon Qoʻchqorovning azmu shijoati, aqlu zakovati havas qilar darajada faxrli edi-da.

Tanlovni kuzatar ekanmiz, Yangiyoʻl misolida nuroniylarimizning donishmandligiga, har qanday muammolarga yechim topishdagi tajribalari, tarbiyasida muammosi bor yoshlardagi ruhiy oʻzgarishlarga pedagogik yondashuvlari oʻz samarasini berayotganini guvohi boʻldik.

Aslida “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovida oʻz vaqtini ayamay qatnashayotgan keksalarimizning umr yoʻllari bir donishmandlik kitobidir. Tumanlarda oʻtayotgan ushbu nufuzli koʻrik-tanlov zamirida qariyalarimizning tanlovga qadar qilgan ishlari, yuksak darajadagi tajribasi yoshlarning ezgu faoliyatiga keng yoʻl ochadi. Yoshlarimiz yonlaridagi afsonalardan oʻrnak oladilar, ularni anglash bilan oʻzlarini va dunyoni anglaydilar.

Zulfiya MOʻMINOVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi